Italiyaning Milan va Kortina-d’Ampetsso shaharlari mezbonlik qilayotgan Qishki olimpiya o‘yinlarining 19-fevral kungi bahslari yakuniga ko‘ra, medal jamg‘arish borasida hamon norvegiyalik sportchilar peshqadam bo‘lib turibdi.
Jumladan, Norvegiya delegatsiyasi hisobidagi medallar soni ayni damga kelib 16 ta oltin, 8 ta kumush va 10 ta bronza, jami o‘ttiz to‘rttani tashkil etmoqda. AQSH vakillari esa 9 ta oltin, 12 ta kumush va 6 ta bronza medalni qo‘lga kiritib, ikkinchi o‘ringa ko‘tarilib olgan bo‘lsa, Italiya kechagi bahslarda medal jamg‘ara olmadi va 9 ta oltin, 5 ta kumush va 12 ta bronza bilan uchinchi pog‘onaga tushdi.

Shuningdek, Fransiya (6-8-5), Niderlandiya (6-7-3), Shvetsiya (6-6-3), Shveysariya (6-4-4), Germaniya (5-8-8), Avstriya (5-8-5) va Yaponiya (5-7-12) 4-10 pog‘onalarni band etmoqda.
Ma’lumot uchun, XXV qishki Olimpiya o‘yinlarining bugun, 20-fevral kungi dasturidan kyorling, biatlon, konki, xokkey, bobsley va fristayl sport turlari bo‘yicha bahslar o‘rin olgan.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA