Italiyaning Milan va Kortina-d’Ampetsso shaharlarida o‘tayotgan XXV qishki Olimpiya o‘yinlarining bugungi kunidan o‘rin olgan tog‘ chang‘isi bo‘yicha gigant slalom dasturida hamyurtimiz Medet Nazarov o‘z omadini sinovdan o‘tkazadi.
Shuningdek, short-trek bahslarida hamyurtimiz Daniil Eybog 1500 metr masofada o‘tadigan bellashuvlarning chorak final bosqichi 6-guruhida startga chiqadi. Ushbu bahs mamlakatimiz vaqti bilan 15-fevralga o‘tar kechasi boshlanishi kutilmoqda. Darvoqe, u 16-fevral kuni 500 metr masofada ham Olimpiya bahslarida O‘zbekiston sharafini himoya qiladi.

Olimpiya o‘yinlarida medal jamg‘arish bo‘yicha qaysi davlatlar yetakchi?
Jadvalga ko‘ra, Norvegiya sportchilari 8 ta oltin, 3 ta kumush va 7 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Italiya delegatsiyasi hisobidagi medallar 6 ta oltin, 3 ta kumush va 9 ta bronzaga yetdi. AQSH esa 4 ta oltin, 7 ta kumush va 3 ta bronza medali bilan kuchli uchlikni yakunlamoqda.
Shuningdek, fransiyalik sportchilar 4 ta oltin, 5 ta kumush va 1 ta bronza, Germaniya 4 ta oltin, 4 ta kumush va 3 ta bronza, Shvetsiya 4 ta oltin, 3 ta kumush va 1 ta bronza bilan 4-6 pog‘onalarni band etmoqda.

Shveysariyalik sportchilar 4 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza, Avstriya 3 oltin, 6 kumush, 3 bronza, Yaponiya 3 tadan oltin va kumush, 8 bronza, Niderlandiya 3 tadan oltin hamda kumush va 1 ta bronza medal bilan 7-10 o‘rinlarga joylashdi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA