Qish mavsumining eng nufuzli sport tadbirlaridan biri Italiyaning Milan va Kortina-d’Ampetsso shaharlarida o‘tayotgan XXV qishki Olimpiya o‘yinlari hisoblanadi. Mazkur musobaqaning bugungi kuniga kelib medal jamg‘arish bo‘yicha raqobat yanada kuchaydi.
Gap shundaki, Olimpiadaning 10 fevral kungi holatiga ko‘ra, medal jamg‘arishda Norvegiya delegatsiyasi hamon 3 oltin, 1 kumush, 2 bronza medali bilan umumjamoa hisobida peshqadam bo‘lib turgan bo‘lsa, Shveysariya jamoasi 3 ta oltin, 1 tadan kumush va bronza medaliga ega chiqqan holda ikkinchi pog‘onaga ko‘tarilib oldi. Yaponiya esa 2 tadan oltin va kumush hamda 3 ta bronza medal jamg‘arib, uchinchi o‘rinda qoldi.

Germaniyalik sportchilar 2 ta oltin, 1 tadan kumush va bronzani qo‘lga kiritib 4, AQSH esa 2 ta oltin bilan 5-o‘rinni band etdi. Avstriya delegatsiyasi 1 oltin va 3 kumush bilan 6, italiyalik sportchilar 1 ta oltin, 2 ta kumush va 6 ta bronza medaliga ega chiqqan holda 7-o‘ringa joylashdi.
Hisobida 1 tadan oltin va kumush bo‘lgan Chexiya, Fransiya, Niderlandiya va Shvetsiya 8-11-o‘rinlarda qayd etildi.
Olimpiya o‘yinlari 22 fevral kuniga qadar davom etadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA