Yurtimizda kunlar sovib, qish mavsumi boshlandi. Demak, mavsumga tayyorgarlik ishlarini tezroq yakunlash lozim.
Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish ishlari davom etmoqda.
Tumanda Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, gaz, elektr energiya, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi, Ichki ishlar, Soliq, Favqulodda vaziyatlar, tuman suv ta’minoti idoralari hamda mahalla faollaridan iborat bo‘lgan 75 ta guruh tashkil etilgan.
Guruhlar tomonidan hozirgi kunga qadar 79 ta ko‘p qavatli uy, 73 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 67 ta umumta’lim maktabi va 23 ta davolash muassasasida o‘rganishlar o‘tkazildi.
–Aholi turar joylarini o‘rganish davomida 2 ta pechning xavfsizlik avtomatikasining nosozligi, 45 ta nosoz dudburon, 22 ta nostandart shlang orqali gaz moslamalariga ulanganligi holatlari aniqlandi, –deydi tuman hokimining 1-o‘rinbosari Baraka Tolibov. –Mahallalarda qish mavsumiga tayyorgarlikni kuchaytirish maqsadida 1550 ta xonadonda targ‘ibot tashviqot ishlari olib borildi. Tashkil etilgan ta’mirlash-tiklash otryadlari tomonidan aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi.
Mahallalardagi bo‘yalmagan gaz quvurlari guruh a’zolari tomonidan ta’mirlandi va bo‘yaldi. “Guliston” mahalla fuqarolar yig‘inidagi ko‘p qavatli uylarda lokal isitish qozonlari o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. Bundan tashqari, hududlardagi nosoz simyog‘ochlar ta’mirlandi va ta’mirga yaroqsizlari almashtirildi.
Ayni kunda bu boradagi ishlar qizg‘in davom etmoqda.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat). O‘zA muxbirlari