Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tasarrufidagi muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda biotexnik tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.
Qor yog‘ishi va havo haroratining pasayishi yovvoyi hayvonlar hamda qushlar uchun tabiiy ozuqa zaxiralarining kamayishiga olib kelib, ularning yashash sharoitini qiyinlashtiradi. Shu bois, mamlakatimizdagi barcha muhofaza etiladigan hududlarda, jumladan, Toshkent viloyatidagi «Ugom-Chotqol» milliy tabiat bog‘i, Surxondaryo viloyatidagi «Surxon» davlat qo‘riqxonasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi «Orolqum» va «Janubiy Ustyurt» milliy tabiat bog‘lari, Navoiy viloyatidagi «Markaziy Qizilqum» milliy tabiat bog‘i hamda Samarqand viloyatidagi Zarafshon milliy tabiat bog‘ida biotexnik tadbirlar kuchaytirildi.

Xususan, «Ugom-Chotqol» milliy tabiat bog‘ida yovvoyi hayvonlar va qushlarni oziqlantirish uchun 160 kg. arpa, 120 kg. kepak, 100 kg. tuz, 400 kg. tabiiy pichan qo‘yib chiqildi. «Orolqum» milliy tabiat bog‘ida esa qo‘shimcha don mahsulotlari, pichan va boshqa zarur yem-xashaklar tarqatildi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, Surxondaryo viloyatida joylashgan «Yuqori To‘palang‘» milliy tabiat bog‘ida ham shunga o‘xshash biotexnik tadbirlar amalga oshirilgan edi. Ushbu tadbirlar yovvoyi fauna vakillarini muhofaza qilish, bioxilma-xillikni saqlash hamda milliy tabiat bog‘lari ekotizimining barqarorligini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, kelgusida ham muntazam davom ettiriladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA