Davlatimiz rahbari 31 oktyabr kuni gidroenergetika sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar va energetika tizimini kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha vazifalar ijrosi yuzasidan o‘tkazgan yig‘ilishda hududlarda mavsumga hozirlik jarayonlari tanqidiy tahlil qilindi.
Soha mutasaddilari va mahalliy hokimliklarga aholi xonadonlari va ijtimoiy soha muassasalari, tadbirkorlik sub’ektlarini kuz-qish davrida energiya manbalari bilan barqaror ta’minlash choralarini ko‘rish, belgilangan ishlarni o‘z vaqtida bajarish topshirig‘i berildi. Shuningdek, mahallalarda transformator va tarmoqlarni yaxshilash, kuz-qishni betalafot o‘tkazish uchun mablag‘, transformator, sim va boshqa ehtiyot qismlar zaxirasini yaratish zarurligi ta’kidlandi.

“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Samarqand hududiy filiali ham ayni paytda mavsumga puxta hozirlik ko‘rmoqda.
– Bugungi kunda hududiy filial tasarrufida 35-110 kVli 142 dona podstansiya, 6-10/0,4 kVli 12256 dona transformator punkti va 29 ming kilometrdan ziyod 0,4-110 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari mavjud, – deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Samarqand hududiy filiali bosh muhandisi Farhod Salohiddinov. – Ular orqali viloyatda 870 mingga yaqin aholi va 47 ming 200 dan ortiq yuridik iste’molchiga elektr energiyasi yetkazib berilmoqda. Viloyat bo‘yicha elektr energiyasining bir kunlik o‘rtacha sarfi 19 million kVt soatni tashkil etmoqda. Albatta, bunday katta hajmdagi elektr energiyasini yetkazib berish podstansiya va transformator punktlari, elektr tarmoqlarining sozligi va barqaror ishlashiga bog‘liq. Ayniqsa, qish mavsumida elektr energiyasiga ehtiyojning ko‘payishi uskuna va tarmoqlarda yuklama oshib ketishiga olib keladi. Shuning uchun mavsumga tayyorgarlik bo‘yicha dastur ishlab chiqilib, zarur chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Bu yilgi dasturga ko‘ra, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida 35-110 kV kuchlanishli 13 dona, 6-10/0,4 kV kuchlanishli 1174 dona transformator punkti va 2941,2 kilometr elektr uzatish tarmoqlarini mukammal ta’mirlash belgilangandi. Hozirgacha bu ishlar yakuniga yetkazildi. Shuningdek, 129 ta yuqori, 1911 ta past kuchlanishli transformator, 5799 kilometr masofadagi past kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari joriy ta’mirdan chiqarildi.
Ishtixon, Qo‘shrabot va Oqdaryo tumanlaridagi podstansiyalarning kuchlanish quvvati ikki barobar oshirildi. Samarqand, Kattaqo‘rg‘on, Payariq hamda Bulung‘ur tumanlarida ham bu boradagi ishlar yaqin orada yakuniga yetkaziladi.
Belgilangan ishlar bajarilgan bo‘lsa-da, kutilmagan holatlar ham yuzaga kelishi mumkin. Shuning uchun favqulodda avariyalarni qisqa muddatlarda bartaraf etish maqsadida 84 ta tarmoq transformatori, 600 ta avtomat, 300 ta rubilnik, 58 tonna transformator moyi, 75 ta temir-beton tayanch, 10 tonna sim, 20 kilometr kabel va 80 ta kabel muftalaridan iborat zaxira yaratildi.
Elektr ta’minotida uzilishlar sodir bo‘lganda toifalangan ob’ektlarni elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun korxona tasarrufida jami 800 kVA quvvatdagi 5 ta (300, 220, 150, 100, 30) ko‘chma elektr stansiyasi va quvvati 100 va 150 kVA bo‘lgan 2 ta UPS qurilmasi ham mavjud.

Yuzaga keladigan avariyalarni tezkor bartaraf etish maqsadida 542 nafar mutaxassisdan iborat 84 ta ta’mirlash brigadasi tashkil etilib, 10 ta maxsus texnika, 42 ta avtotransport va mexanizm ajratildi.
Joylarda kuz-qish mavsumiga qanday tayyorgarlik ko‘rilayotgani va bu boradagi ishlar bilan tanishish maqsadida viloyat elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun tuman va shaharlarga press-turlar uyushtirilmoqda.
Navbatdagi ana shunday tadbirda Urgut tumanidagi “Dehqonobod” elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Korxona 31 mingga yaqin iste’molchi (29482 jismoniy va 1373 yuridik shaxs)ga 4 ta nim stansiya orqali elektr energiyasi yetkazib beradi.
– 2023-2024 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida hududdagi 149 dona transformator punkti va 342,3 kilometr elektr uzatish tarmoqlarida mukammal va joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirildi, – deydi “Dehqonobod” elektr tarmoqlari korxonasi rahbari Qubonali Davronov. – Ayni paytda yana 5 dona transformator punkti va 10 kilometr uzatish tarmog‘i ta’mirlanmoqda. Yaqin kunlarda bu ishlar yakuniga yetkaziladi. Yuzaga keladigan avariyalarni bartaraf etish uchun 3 ta tezkor brigada va tungi navbatchi brigada tashkillashtirildi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri