French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qishda issiqxonalarni isitishda yuzaga keladigan gaz ta’minotidagi muammolar qanday bartaraf etiladi?
11:11 / 2023-10-20

Aholini yil davomida sabzavot va poliz mahsulotlari bilan ta’minlashda issiqxonalarning ahamiyati beqiyos. Xoh kuz, xoh qish fasli bo‘lsin, vitaminga boy, yangi uzilgan sabzavotlarni tanovul qilishga ne yetsin.

Qishloq xo‘jaligi vazirining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Dilshodbek Nazirov ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatimizdagi mavjud issiqxonalar so‘nggi 5 yilda 3 barobarga ko‘payib, 5,2 ming gektarga yetkazilgan. Ularda yetishtirilayotgan mahsulotlar hajmi 90 ming tonnadan 300 ming tonnaga ko‘paygan.

Ta’kidlanishicha, issiqxona xo‘jaliklari faoliyatini jadal rivojlantirish va undan samarali foydalanishda yuzaga kelayotgan asosiy muammolardan biri qish paytida issiqxonalarni isitishda gaz ta’minotida yuzaga keladigan nomutanosibliklardir.

Energetik vazirligi tomonidan kuz-qish mavsumida aholi gaz tarmoqlariga ulanmagan issiqxona xo‘jaliklariga tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzish ishlari boshlandi. Bunda, issiqxona xo‘jaliklari ehtiyoji uchun 2023-2024 yil kuz-qish mavsumida tabiiy gazni belgilangan talablarga qat’iy rioya etgan holda yetkazib berish ko‘zda tutilgan.

Unga ko‘ra, issiqxona xo‘jaliklarining tabiiy gazdan debitor qarzdorligini so‘ndirish hamda tabiiy gaz uchun belgilangan to‘lovni oldindan amalga oshirish, issiqxonalarni tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimi sertifikatsiyasidan o‘tgan elektron hisoblagichlar orqali ulangan bo‘lishi lozim. Aholi iste’molchilarini gaz ta’minoti tizimida favqulodda holatlar yuzaga kelganda issiqxona xo‘jaligida yetarli miqdorda muqobil yoqilg‘i zaxirasining mavjudligi inobatga olinadi.

Bugungi kunda, tabiiy gazda ishlaydigan issiqxonalar aylanma mablag‘larini to‘ldirishga kredit resurslari yo‘naltirilishi hamda ixtiyoriy ravishda ko‘mir yoqilg‘isida ishlaydigan issiqxonalarga davlat tomonidan rag‘batlantirish paketi joriy qilinishi ustida ish olib borilmoqda.

Hukumat komissiyasining tegishli qarorlariga asosan, issiqxona xo‘jaliklarining moliyaviy ahvolini yaxshilash bo‘yicha ajratilgan kreditlarning muddati uzaytirib berilmoqda. Xususan, issiqxona xo‘jaliklari moliyaviy ahvolini yaxshilash va rivojlantirish bo‘yicha respublika ishchi guruhining 3 ta yig‘ilish bayonlari qabul qilinib, issiqxona xo‘jaliklari tomonidan olingan 87 foiz kredit mablag‘larining muddati 14 yilgacha uzaytirildi. Bundan tashqari vazirlik huzuridagi Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi hududlardagi issiqxona xo‘jaliklariga keng turdagi maslahat-konsalting xizmatlari ko‘rsatish, agronom ajratish, urug‘lik materiallar va ko‘chat yetkazib berish bo‘yicha kompleks ishlarni amalga oshirishi belgilangan. Bu o‘z navbatida mazkur issiqxonalarda iqtisodiy samara va amaliy natija bo‘lishini ta’minlaydi. 

Qayd etish kerakki, issiqxonalarni resurs tejamkor energiyalar, quyosh panellari yordamida isitish bugun, kam xarajatliligi bilan bir qatorda, issiqlikni minimal holatda ushlab turish imkoniyatini yaratmoqda. Bu kabi tejamkor resurslardan foydalanish, uni amaliyotga tatbiq etish bugun har qachongidan ham muhim.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA