English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qish mavsumiga tayyormisiz?
10:06 / 2022-10-08

Qishning sovuq kunlari yaqinlashmoqda. Bu mavsumda aholining gaz jihozlariga ehtiyoji ortadi. Gazdan foydalanish qoidalariga rioya etmaslik turli ko‘ngilsiz hodisalarni keltirib chiqarishi, is gazidan zaharlanish yoki kutilmagan yong‘in kelib chiqishiga sabab bo‘lishi ham hech gap emas.

Qorli-qirovli kunlarda yuz berishi mumkin bo‘lgan bunday holatlarning oldini olish uchun "Hududgaz Surxondaryo" gaz ta’minoti filiali va hududiy bo‘limlari xodimlari hamkorligida is gazidan zaharlanishning oldini olishga qaratilgan targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Jumladan, filial xodimlari shu kunlarda Angor tumanida bo‘lib,  “Angortumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi mas’ul mutaxassislari bilan aholi xonadonlari va ijtimoiy ob’ektlarda gaz jihozlaridan to‘g‘ri foydalanish, nostandart gaz jihozlaridan foydalanmaslik, dudburonlarni ko‘p buramali holatda o‘rnatmaslik kabi masalalar yuzasidan tushuntirish ishlarini olib bormoqda. Gaz jihozlari va qozonxonalarning sozligi nazoratdan o‘tkazilayotir.

– Yoz faslida ishlatilmagan gaz jihozlari dudburonlariga qushlar uya qurishi ko‘p kuzatiladi, – deydi "Hududgaz Surxondaryo" gaz ta’minoti filiali mas’ul mutaxassisi Alijon Xoliyorov. – Natijada dudburonlar og‘zi yopilib, gaz isini o‘tkazmay qo‘yadi. Biz uchun oddiy bo‘lib tuyuladigan bu hol kutilmagan baxtsiz hodisaga olib kelishi mumkin. Shu bois tabiiy gaz foydalanuvchilari xonadonlarida bo‘lganimizda iste’molchilarga masalaning ana shu jihatlarini ham atroflicha tushuntirib, isitish jihozlaridan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha taklif va tavsiyalarimizni beryapmiz. 

Angor tumanida 45 ta umumta’lim maktabi, 21 ta davlat, 13 ta davlat xususiy sherikchiligidagi nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi, 138 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat yuritmoqda. Ularning xavfsizligini ta’minlash hamda gaz jihozlaridan to‘g‘ri foydalanishi uchun turli tarqatma materiallar ham berilmoqda. Gaz jihozlari, qozonxonalar qayta nazoratdan o‘tkazilayotir. Bundan tashqari, 36 ta mahallada 84 ta ulgurji iste’molchi, 2 ming 623 ta tabiiy gaz, 32 ming 228 ta suyultirilgan gaz iste’molchisi mavjud. Ularning 446 tasi ko‘p qavatli turar-joy binosi, 2 ming 177 tasi yakka tartibdagi uy-joylardir. Ayni paytda har bir iste’molchining qish faslini betalofot o‘tkazishi uchun soha xodimlari mahallalarda ko‘chama-ko‘cha, xonadonma-xonadon yurib, targ‘ibot tadbirlarining samarali o‘tishiga alohida ahamiyat bermoqda. 

Viloyatning boshqa hududlarida ham gazdan foydalanish qoidalariga amal qilish yuzasidan tushuntirish-targ‘ibot ishlari keng yo‘lga qo‘yilmoqda.

– Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak shu kungacha 22 mingga yaqin targ‘ibot materiallari tarqatildi, – deydi "Hududgaz Surxondaryo" gaz ta’minoti filiali matbuot kotibi Aziz Mashrabov. – Joylarda 55 ta tushuntirish ishlari olib borildi. Amalga oshirilayotgan nazorat tadbirlari chog‘ida 84 ta tadbirkorlik sub’ekti va ijtimoiy soha ob’ektlari gazdan foydalanish qoidalariga rioya etmagani aniqlanib, iste’molchilarga yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni tuzatish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Shuningdek, zamonaviy isitish qozonlari va tejamkor gorelkalardan foydalanishning qulayliklari, xavfsiz va iqtisodiy tejamkorligi haqida ham yetarli ma’lumot berilmoqda. 
Viloyatda kuz-qish mavsumida is gazidan zaharlanmaslik uchun ehtiyot choralarini ko‘rish hamda gaz jihozlaridan foydalanish tartib-qoidalariga amal qilishga yo‘naltirilgan targ‘ibot va nazorat tadbirlari davom etmoqda.


Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA