Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan hududlarda joylashgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida qish mavsumini betalafot o‘tkazish maqsadida maxsus ishchi guruhi shakllantirildi.
Hozirda ushbu ishchi guruh tomonidan barcha muassasalarda mavsumga tayyorgarlik jarayonlari bosqichma-bosqich o‘rganilmoqda.

O‘rganish jarayonida muassasalarda mavjud yong‘inga qarshi burchak va uning zarur jihozlar bilan ta’minlanganlik darajasi, elektr tizimlari holati, muassasalarning ko‘mir zaxirasi hajmi, saqlanish sharoiti va xavfsizlik talablari bajarilishi, ta’lim muassasalaridagi qozonlar soni va ularning texnik holati, binolarning tashqi issiqlik tizimi izolyatsiyasi, qoplamalarning mustahkamligi hamda yoqilg‘i zaxirasining yetarliligi kabi yo‘nalishlar alohida ko‘zdan kechirilmoqda.

O‘rganish davomida aniqlangan kamchiliklar joyida qayd qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berilmoqda. Muassasalarda qish mavsumini hech qanday uzilishlarsiz o‘tkazish, o‘quvchilar va tarbiyalanuvchilar uchun xavfsiz, issiq hamda qulay ta’lim muhitini yaratish ustuvor vazifa etib belgilangan.

Ishchi guruh tomonidan muntazam monitoring olib borilishi, mavjud muammolarni tezkor hal qilish, xavfsizlik qoidalariga rioya etilishini ta’minlash orqali barcha ta’lim muassasalarida mavsumiy tayyorgarlik yuqori darajada tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Zarif Komilov, O‘zA