Sirdaryo viloyatida hozirgi kunda 83 mingdan ziyod aholi va 48 ta ijtimoiy ob’ektlar suyultirilgan gaz bilan ta’minlangan. Bugungi kunda viloyatning 124 ta mahallalariga suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berilmoqda.
Oktyabr va noyabr oylarida aholiga 2 447,5 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berilgan. Bunda maishiy gaz ballonlarini yetkazib borish uchun 21 ta ISUZU maxsus avtotransport vositalari xizmat ko‘rsatmoqda. Hozirda “Hududgaz Sirdaryo” gaz ta’minoti filiali tasarrufidagi Sayxunobod tumanida joylashgan “Sayxunobod GTSH” va Sirdaryo tumanida joylashgan “Sirdaryo propan GNS” MCHJ gaz to‘ldirish shoxobchalarida maishiy gaz ballonlari to‘ldirilib, mavsumga tayyorgarlik ishlari yakunlandi.



–Raqamlar asosida e’tibor qaratadigan bo‘lsak, gaz to‘ldirish shoxobchasida bugungi kunda 9 ta sig‘imlar mavjud bo‘lib, bu 162 tonna suyultirilgan gaz saqlash quvvatini beradi, – deydi “Hududgaz Sirdaryo” gaz ta’minoti filiali bo‘lim boshlig‘i Sh.Bobomurodov. – Sovuq kunlarda iste’molchilarni o‘z vaqtida gaz bilan ta’minlash uchun shoxobchalar shay holatga keltirilgan va filial markaziy omborda 1000 donadan ziyod maishiy gaz ballonlari zaxirasi ham yaratilgan.
Sh.Suyarov, O‘zA.