Qish mavsumida energiya resurslariga bo‘lgan talab ortib borayotgan bir paytda aholini elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash masalasi doimiy e’tibor markazida turibdi. Shu yo‘nalishda energetika tizimida ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini oshirish, ta’minot uzluksizligini ta’minlash hamda avariya holatlarini tezkor bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Energetika vazirligi axborot xizmati rahbari Dildora Hoshimovaning ma’lum qilishicha, kecha, 21 yanvar kuni elektr stansiyalari orqali jami 272,9 million kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, bu rejadagiga nisbatan 106 foizni tashkil etdi. Shu kuni respublika iste’molchilariga 245,7 million kVt·soat elektr energiyasi yetkazib berilgan bo‘lib, ushbu ko‘rsatkich rejaga nisbatan 102 foizga tengdir.
Shuningdek, tabiiy gaz iste’moli 146,2 million metr kubni tashkil qildi. Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari, maxsus texnikalar va jamoat transportlari uchun 2 million metr kub tabiiy gaz yetkazib berildi.
Ma’lum qilinishicha, 2 ming 300 tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarilib, bu rejaga nisbatan 109 foiz ko‘pdir. Aholi va ijtimoiy soha ob’ektlariga 2 ming 200 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berilgan. Hududlardagi gaz to‘ldirish shoxobchalarida esa 7,4 ming tonna suyultirilgan gaz zaxirasi yaratilgan.
Birja savdolariga jami 12,3 ming tonna avtobenzin va 14,7 ming tonna dizel yonilg‘isi chiqarilib, shundan 5 ming tonna benzin va 680 tonna dizel yonilg‘isi sotilgan. Shu bilan birga, savdoga qo‘yilgan 2 428 tonna suyultirilgan gazdan 2 368 tonnasi xarid qilingan.
Ahamiyatlisi, kecha elektr ta’minoti tizimida 8 ta, gaz ta’minotida esa 1 ta nosozlik yuzaga kelgan bo‘lib, ular avariya brigadalari tomonidan tezkorlik bilan bartaraf etildi. Ayni paytda tizim 24/7 rejimida kuchaytirilgan tartibda ishlab, avariya brigadalari tomonidan nosozliklar bartaraf etilgan holda ta’minotni bosqichma-bosqich tiklash choralari ko‘rilmoqda.
N.Ziyodullayeva, O‘zA