Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qish mavsumida dovon: qanday choralar ko‘rilmoqda?
14:47 / 2023-01-23

Vodiy viloyatlarini poytaxtimiz Toshkent bilan bog‘lovchi katta magistral yo‘l – Qamchiq dovonining asosiy qismi Namangan viloyati hududida joylashgan bo‘lib, umumiy uzunligi 100 kilometrni tashkil etadi.

Kuniga o‘rtacha 30 mingdan oshiq transport vositalari harakatlanadigan dovonda doimiy harakatni ta’minlash, kuchli qor va sovuq vaqtlarida e’lon qilinadigan vaqtinchalik cheklovlarda tog‘li hududlarda yashovchi aholi va yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligidagi maxsus shtab faoliyat olib bormoqda.  

Viloyat hokimligi, viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, “Hududiy elektr tarmoqlari” aksionerlik jamiyati Namangan hududiy filiali hamda  “Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali hamkorligida uyushtirilgan press-tur davomida ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar Qamchiq dovonida amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.

Mamlakatimizning tog‘oldi va tog‘li hududlarida kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish maqsadida Qamchiq dovonida 2022 yil noyabr oyidan boshlab, favqulodda vaziyatlarda harakatlanish bo‘yicha yuqori tayyorgarlik asosida ishga kirishilgan. Jumladan, davlatimizning barcha kuch va vositalarini safarbar etgan holda, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlardan ogohlantirish, ko‘ngilsiz hodisalar ro‘y berganda ularni bartaraf etish bo‘yicha dovondagi 26 ta ijtimoiy ob’ektda barcha sharoitlar yaratilib, ularning 15 tasida esa mexanizatsiyalashgan nazorat guruhlari tuzilgan. Yo‘lovchilarning xavfsiz va uzluksiz harakatini ta’minlash maqsadida Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi “Qamchiq” maxsus-qidiruv yong‘in-qutqaruv boshqarmasi, Namangan viloyati Favqulodda vaziyatlar va IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmalari, “Qamchiqavtoyo‘l” ixtisoslashtirilgan yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi mas’ul xodimlaridan iborat tezkor navbatchiligi (navbatchi-dispetcher) yo‘lga qo‘yilgan.

[gallery-10346]

– Aholini qabul qilish punktida kutish palatkalari, ona va bolalar, isinish, tibbiyot va ovqatlanish xonalari mavjud, yo‘lovchi va haydovchilar uchun oziq-ovqat zaxiralari ham g‘amlangan, – deydi Namangan viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i, general-mayor Qosimali Ahmedov. – Pop tumanidagi asosiy nazorat guruhi dovonning 254 kilometrida joylashgan “Sobir ota” choyxonasida tashkil etilgan. Shuningdek, Qamchiqning 262 kilometrida ikkita isinish punkti, tibbiyot, ruhiy ko‘mak va ona-bola xonalari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, kerakli jihoz va yetarli miqdordagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlangan.

E’tiborlisi, barcha isitish punktlari va umumiy ovqatlanish shoxobchalarida ham oziq-ovqat va yoqilg‘i zaxiralari yaratilgan. Jumladan, dovonning 248 kilometrida joylashgan “Karvon” oshxonasida 300, “Nabixon ota” oshxonasida 200, “Sobir ota” choyxonasida esa 100 kishiga mo‘ljallangan issiq joy va yetarli miqdorda oziq-ovqat mahsulotlari, ko‘mir, o‘tin zaxiralari yaratilgan. Qolaversa, dovon bo‘ylab yo‘l bo‘ylarida “Qamchiqavtoyo‘l” IYFUK tomonidan yo‘lovchilarni to‘xtab, issiq choy va kofe ichishlari, yengil tamaddi qilishlari uchun ovqatlanish shoxobchalari ham yo‘lga qo‘yilgan. Isitish punktlarida kuniga 1300-1500 kishiga kishiga sifatli xizmat ko‘rsatilmoqda.

– Shu yilning 3 yanvardan 4 yanvarga o‘tar kechasi dovonda kuzatilgan favqulodda holat tufayli yo‘lni berkitishga to‘g‘ri keldi, – deydi FVV huzuridagi “Qamchiq” MQYOQ boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Hasan Bobonov. – Ushbu vaziyatda tegishli xizmatlar tomonidan zarur choralar ko‘rilib, yo‘llarda qolgan 1200 kishiga amaliy yordam berildi. 400 nafar yo‘lovchi temir yo‘llari orqali poyezdga kuzatildi.  

Qo‘shminor mahallasida 189 nafar suyultirilgan gaz iste’molchisi bo‘lib, ulardagi maishiy gaz ballonlar soni jami 380 dona, shundan 214 tasi "Hududgaz Namangan" gaz ta’minoti filialining "Pop gaz" tuman gaz ta’minoti bo‘limi tomonidan vaqtincha foydalanib turish uchun shartnoma asosida berilgan. Maishiy gaz ballon bilan ta’minlanganlik darajasi 201 foizni tashkil qiladi. Birgina, o‘tgan dam olish kuni tog‘li hududdagi 250 ta xonadonga 2,4 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi.

– Dovonda yashashning o‘ziga yarasha mashaqqati, shu bilan birga estetik zavqi bor, – deydi Rustamali Egamberdiyev. – Chorvachilikning orqasidan ro‘zg‘orimiz but. Suyuq gaz ta’minotida muammolar yo‘q, uyimizga 35 kunda “gaz”chilar kelib, suyultirilgan gazni o‘z vaqtida yetkazib turadi. Viloyat shtabi a’zolari, tuman hokimligi mutasaddilari ham holimizdan xabar olyapti.  

Jurnalistlar “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Namangan hududiy filiali tasarrufidagi “Rezak” nimstansiyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

– Bundan 23 yil avval barpo qilingan, dengiz sathidan 2153 metr balandlikda joylashgan 35/6 kVli nimstansiya asosan dovondagi ikkita tunnelga bir maromda elektr energiyasini yetkazib berish bilan shug‘ullanadi, – deydi Pop tumani elektr ta’minoti korxonasining Qamchiq bo‘limi rahbari Zikrulloh Habibullayev. – Bundan tashqari favqulodda vaziyatlar, mudofaa, chegara qo‘shinlari, gidrometeorologiya va “Qamchiqavtoyo‘l” korxonasiga xizmat ko‘rsatamiz. Mazkur nimstansiyada ikkita transformator bo‘lib, umumiy quvvati 6500 kv.A.ga teng. Noqulay ob-havo harorati, tarmoqlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan avariyali holatlarning oldini olish maqsadida, nimstansiyada doimiy nazorat qiluvchi uch nafar ishchi biriktirilgan, ularga o‘z ish faoliyatini to‘laqonli olib borishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan.

Ma’lumot uchun, Qamchiq dovonida viloyat maxsus shtabi va nazorat guruhlari faoliyatini qish tugaguniga qadar davom ettiradi.

 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA