Qish mavsumi oldidan maxsus texnikalar namoyishi
Tadbirning ochilish marosimida takidlanganidek, ob-havoning sovishi bilan fuqoralarning issiqlikka boʻlgan talab va ehtiyoji ortadi. Natijada tabiiy gaz va havo aralashmasining chaqnashi holatlari uchrashmoqda.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan kuz-qish mavsumiga qizgʻin hozirlik koʻrish, korxona, tashkilot hamda aholi turar joylarida sodir boʻlishi mumkin boʻlgan yongʻinlar, fuqarolarning is gazidan zaharlanishi va boshqa favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida maxsus texnikalar namoyishi boʻlib oʻtdi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining 2020-yil 26-oktyabr kungi “Is gazi va havo aralashmasining chaqnashi bilan bogʻliq favqulodda holatlar va yongʻinlarning oldini olish toʻgʻrisida”gi yigʻilish bayonnomasining ijrosini taʼminlash maqsadida vakolatli tashkilotlar bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tadbirda fuqarolar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.


Tadbirning ochilish marosimida takidlanganidek, ob-havoning sovishi bilan fuqoralarning issiqlikka boʻlgan talab va ehtiyoji ortadi. Natijada tabiiy gaz va havo aralashmasining chaqnashi holatlari uchrashmoqda. Jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha oʻtgan yil davomida mana shunday 13 ta holat qayd etilib, 14 nafar fuqaro jabrlandi. Shundan 4 nafar fuqaro halok boʻldi. Joriy yilning 9 oyi davomida esa 4 ta holat qayd etilib, jami 5 nafar fuqaro jabrlandi.
Bundan tashqari mavsum davomida fuqarolarning tabiiy va is gazidan zaharlanish holatlari uchrashmoqda. Jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha oʻtgan yil davomida zaharlanish bilan bogʻliq 6 ta (Nukus shahri 3 ta, Qoʻngʻirot, Taxiatosh, Xoʻjayli tumanlarida 1 tadan) holat qayd etilib, 22 nafar fuqaro jabrlandi, shundan 2 nafari halok boʻldi. Joriy yilning 9 oyi davomida mana shunday 2 ta (Nukus shahri va Qonlikoʻl tumanida) holat qayd etilib, 5 nafar fuqaro jabirlandi. Shundan 2 nafari halok boʻldi.


Joriy yilning oʻtgan oylari mobaynida Qoraqalpogʻiston Respublikasida 481ta yongʻin sodir boʻlib, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 10,9 foizga kamaygan. Shuning natijasida 4 nafar fuqaro tan jarohatini olgan va 1 nafar fuqaro hayotdan koʻz yumgan.
– Yongʻinlarning kelib chiqish sabablari tahlil qilinganda aksariyati aholi turar joylarida sodir boʻlgan, – deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ommaviy axborot vositalari va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik qilish guruhi boshligʻi Aybek Abdirahmanov.


–Jumladan, koʻpincha fuqarolarning nasoz isitish pechlaridan va elektr qurilmalaridan foydalanganligi, yosh bolalarning qarovsiz qoldirganligidan kelib chiqmoqda.
Tadbir davomida ishtirokchilar favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan yongʻinlar, fuqarolarning is gazidan zaharlanishi va boshqa holatlarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishtirildi. Tegishli tashkilot vakillari yongʻin xavfsizligi qoidalariga rioya qilish, qoʻlbola gaz soʻrish moslamalari, nosoz gaz va elektr isitish jihozlaridan foydalanmaslik boʻyicha fuqarolarga tushunchalar berildi.