Andijonda elektr energiyasi va tabiiy gazni iqtisod qilish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish masalalariga bag‘ishlangan ko‘rgazmali amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Respublika va viloyat prokuraturasi vakillari, tegishli korxona va tashkilotlar mutaxassislari, kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar, yirik iste’molchilar hamda aholi vakillari ishtirok etdi. Unda qish mavsumida xavfsizlikni hamda iste’molchilarni resurslar bilan barqaror ta’minlash, shuningdek, mavjud manbalardan xavfsiz va oqilona foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Seminarda viloyatda elektr energiya va tabiiy gazni iqtisod qilish, energotejamkor uskunalarni keng joriy qilish, ijtimoiy soha ob’ektlari va aholi xonadonlarida qish mavsumini betalafot o‘tkazish, mavsum davomida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan noxush holatlarning oldini olish hamda yong‘in xavfsizligi tadbirlarini yanada samarali tashkil etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilishi muhimligi alohida qayd etildi.
[gallery-26882]
Shuningdek, aholi uchun xavfsiz va uzluksiz energiya ta’minotini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar ijrosi tahlil etildi. Ishtirokchilarga tabiiy va suyultirilgan gaz va energiyatejamkor gaz jihozlaridan xavfsiz foydalanish, resurslarni iqtisod qilgan holda sarflash hamda ularning afzalliklari tushuntirildi.
– Iste’molchilarga energiyatejamkor yondirgich va uskunalardan foydalanishning afzal tomonlari ko‘p, – deydi “Hududgaz Andijon” gaz ta’minoti filiali bosh muhandisi Xurshidbek Qodirov. – Ana shu uskunalar xavfsiz hisoblanadi, ya’ni gaz bosimining pasayib-ko‘tarilishi oqibatida gaz uzatish tarmoqlarida uzilishlar yuzaga kelganida avtomatik tarzda o‘chib, gaz o‘tkazishni to‘xtatadi. Hozir aholi xonadonlarida gaz ta’minoti bo‘limlari xodimlari tomonidan o‘tkazilayotgan targ‘ibot tadbirlarimizda xavfsiz uskunalarning afzalliklari haqida tushunchalar berilmoqda.
Tadbirda energiya resurslaridan xavfsiz va oqilona foydalanish bo‘yicha ko‘rgazmalar namoyish etildi, mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi. Shuningdek, qishni betalafot o‘tkazish, mavsumda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilab olindi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari