FOTOFAKT
Termiz shahrining eng qadimiy go‘shalaridan biri — Qirqqiz me’moriy majmuasi Surxondaryo hududining IX–XIV asrlariga oid eng noyob inshootlardan sanaladi. Tadqiqotchilar tomonidan ushbu yodgorlikdan o‘tmishda qanday foydalangani haqida turli farazlar mavjud.
Qal’aning barcha xonalari va markazdagi sahn o‘zaro yo‘laklar bilan bog‘langan. Markaziy sahn hovli yoki gumbazli zal bo‘lgan deb taxmin qilinadi. Ayvon va yo‘laklar orqali bino to‘rt qismga bo‘lingan.
Tadqiqotchilarning fikricha, Qirqqiz majmuasi qishloq-qo‘rg‘on saroylari me’morchiligida o‘ziga xos yo‘nalishga ega. Inshoot to‘rtburchak ko‘rinishda bo‘lib, asosan xom g‘ishtdan barpo etilgan, ayrim qismida esa pishiq g‘ishtlar qo‘llanilgan. Devorlarining qalinligi 2 metrdan oshadi, burchaklari hajmli burjlar bilan mustahkamlangan. Binoning yo‘laklari ikki qavat balandligida, ichki qismi esa 40 xonali tarhda joylashgani haqida manbalarda qayd etilgan.
[gallery-26742]
Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, xalq dostonlarida zikr etilgan, dushmanlar hujumini qaytara olgan qahramon qiz – Guloyim va uning qirq dugonasi aynan shu yerda yashagan. Shuningdek, XX asrgacha xalq tomonidan Qirqqiz qal’asi joylashgan hududlar “Shahri Somon” deb ham atalgan.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA