Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan “Tashabbusli byudjet” yoki “Open budjet” loyihasi mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlarini isloh qilish, mavjud moliyaviy imkoniyatlarni eng muhim masalalarga jalb etish, byudjet sarfi jarayonining shaffof va ochiqligini ta’minlash, qolaversa, mavjud ijtimoiy muammolarni hal etish, aholi turmush farovonligini yuksaltirish, fuqarolarning jamiyat hayotida faol ishtiroki va daxldorlik hissini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
“Tashabbusli byudjet” jarayonlarini qonuniy jihatdan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2021 yil 13 aprelda “Byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda 2023 yil 11 aprelda “Tashabbusli byudjetlashtirish amaliyotini yanada takomillashtirish hamda faol mahallalarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari imzolangan.
Yuqoridagi qarorlar ijrosi doirasida birgina joriy 2025 yilning birinchi yarmida “Tashabbusli byudjet” dasturlari doirasida “Ochiq byudjet” axborot portalida o‘tkazilgan onlayn tanlovida g‘olib deb topilgan loyihalar doirasida Andijon viloyatining 75 ta mahallasidagi 80 ta ob’ekt uchun ajratilgan 115,1 milliard so‘m mablag‘ hisobiga 283,2 kilometr uzunlikdagi ichki yo‘llar asfaltlanishi belgilangan. Ushbu ishlar natijasida mahallalarning 487 ta ko‘chasida yashovchi 84 ming 900 nafar aholiga qulayliklar yaratiladi.
[gallery-24330]
Loyiha doirasida joriy yil 1-mavsumda Xonobod shahri, Andijon, Buloqboshi tumanlarida 3 tadan, Bo‘ston, Jalaquduq tumanlarida 6 tadan, Oltinko‘l, Paxtaobod, Ulug‘nor tumanlarida 2 tadan, Marhamat, Ko‘rg‘ontepa tumanlarida 5 tadan, Asaka tumanida 10 ta, Baliqchi tumanida 8 ta, Shahrixon tumanida 7 ta, Xo‘jaobod tumanida 4 ta, Izboskan tumanida 9 ta mahalladagi ko‘chalarga asfalt yotqiziladi. Ayni paytda qator mahallalarda ishlar yakuniga yetkazilgan, bir qator mahallalarda esa asfaltlash ishlari davom etmoqda.
– Ayni paytda havo haroratining issiq bo‘lishiga qaramasdan loyihalar doirasidagi ishlar reja asosida izchil olib borilmoqda, – deydi Andijon mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati davlat muassasasi bosh muhandisi Diyorbek Madrahimov. – Ayniqsa, belgilangan ta’mirlash ishlarining sifatli amalga oshirilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Olib borilayotgan ta’mirlash, asfaltlash ishlari natijasida uzoq yillardan buyon hal bo‘lmasdan, aholisini qiynab kelayotgan yo‘l bilan bog‘liq muammolar bartaraf etilmoqda. Ya’ni ta’mirtalab, nosoz yo‘llar ta’mirlanib, asfaltlanmoqda. Yo‘llar ravon bo‘lib, fuqarolarning turmush farovonligi yaxshilanmoqda.
– Mahallamizdagi 8 ta ko‘chada 6 ming 300 nafardan ziyod aholi yashaydi, – deydi Asaka tumanidagi “Arg‘in” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Oydinoy Haydarova. – Shu kunlarda 4 ming 100 metrli Ittifoq ko‘chamiz asfaltlanib mahallamizga yanada fayz kirdi.
Ichki ko‘chalarimizga Andijon mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati davlat muassasasi buyurtmachiligida “Vodiy yo’l trans qurilsh ta’mirlash” mas’uliyati cheklangan jamiyati yo‘lsozlari tomonidan asfalt yotqizildi. Ishlarning sifatli bajarilganligi, ayniqsa, yo‘llarimizning tekis va ravon bo‘lganligidan kattayu kichik xursand.
– Necha yillardan buyon ichki yo‘llarimizni ta’mirlashga, asfaltlashga harakat qilib kelardik, – deydi Baliqchi tumanidagi Turkiston mahallasi Daryobo‘yi ko‘chasida yashovchi, mehnat faxriysi Tohirjon Holiqov. – Lekin ijobiy natijaga erisha olmayotgandik. “Tashabbusli byudjet” tanlovida qatnashib, g‘olib bo‘ldik. Bundan mahalla ahlining quvonchi cheksiz. Mana yillar davomida yozda chang, qishda loy ko‘chalarimiz asfaltlanadi, endi yo‘l muammosi odamlarni qiynamaydi.
Baliqchi tumani Turkiston mahallasining 5 kilometr uzunlikdagi Daryobo‘yi, Yangiobod ko‘chalarini asfaltlash ishlari umumiy qiymati 1 milliard 297 million 559 ming so‘m miqdoridagi loyiha doirasida “Madina Big bulding” mas’uliyati cheklangan jamiyati yo‘lsozlari tomonidan bajarildi. Bundan tashqari, ushbu mahallaning Olmazor, Bog‘ ko‘chalari ham aynan “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida asfaltlandi.
Bir so‘z bilan aytganda, viloyat yo‘lsozlari, yo‘l quruvchilar tomonidan “Tashabbusli byudjet” tanlovida g‘olib bo‘lgan loyihalar doirasida belgilangan ishlar reja asosida bajarilmoqda. Jumladan, yilning birinchi yarmida 37 ta mahalladagi 40 ob’ektda qurilish-ta’mirlash ishlari yakunlanib, 158,1 kilometr uzunlikdagi mahalla yo‘llari asfaltlandi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari