Buyuk Britaniyaning sobiq vaziri Piter Mandelson AQSH moliyachisi Jeffri Epshteyn bilan bog‘liq yangi dalillar ortidan Bosh vazir Kir Starmer yetakchiligidagi Leyboristlar partiyasidan chiqdi. Qirollik ommaviy axborot vositalari xabariga ko‘ra, bu qaror partiyani “yana bir bor noqulay ahvolga solmaslik” uchun qabul qilingan.
Mandelson avval ham shunday ayblov bilan jamoatchilik e’tiboriga tushgan edi. O‘tgan yil AQSHda e’lon qilingan hujjatlarda u Epshteynni “eng yaqin do‘stim” deb atagan maktub paydo bo‘lgan. Shundan so‘ng Starmer hammaslagini Britaniyaning Qo‘shma Shtatlardagi elchisi lavozimidan bo‘shatgan. Endi Adliya vazirligi oshkor qilgan yangi materiallar Mandelson nomini yana mojaro markaziga olib chiqdi.
Sobiq vazir Leyboristlar partiyasi boshqaruviga yo‘llagan maktubida Epshteyn bilan bog‘liq moliyaviy to‘lov haqidagi ayblovni asossiz, deb hisoblashini bildirgan. Shunday bo‘lsa-da, partiyaga zarar yetkazishni istamagani uchun a’zolikdan voz kechishga qaror qilganini aytgan.

Leyborist Mandelson o‘tgan asr 90-yillarida Toni Bler hukumatining saylovdagi muvaffaqiyatida muhim o‘rin tutgan edi. Binobarin, uning siyosiy faoliyati ilgari ham ziddiyatli kechgan: dastlab savdo vaziri lavozimidan, keyinroq esa yana bir bor Vazirlar Mahkamasi tarkibidan iste’fo berishga majbur bo‘lgan. Keyinchalik ayrim ayblovlardan oqlangan.
Mazkur mojaro asnosida Kir Starmer shanba kuni Britaniyaning sobiq shahzodasi Endryu ham AQSH Kongressi oldida Epshteyn bilan aloqalari yuzasidan guvohlik berishi kerakligini aytdi. Demak, Qirollik siyosati uchun hali yopilmagan “Epshteyn ishi” hanuz og‘riqli mavzu bo‘lib qolmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA