Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qirg‘izistonlik olimlar Jalaquduq tumanidagi maktablarda bo‘ldi
20:18 / 2024-01-30

Keyingi yillarda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida hamkorlik, qo‘shnichilik aloqalari mustahkamlanib bormoqda. Ayniqsa, ta’lim, ilm-fan sohasidagi hamkorlik yanada yuqori bosqichga ko‘tarilmoqda.

Andijon davlat universiteti, Andijon davlat tibbiyot, pedagogika institutlari O‘sh, Jalolobod viloyatlaridagi oliy ta’lim maskanlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Ikki davlat yoshlari o‘rtasida o‘tkazilgan “Do‘stlik” festivallari doirasida Andijon viloyatidagi qator umumta’lim maktablari o‘quvchilari O‘sh shahridagi maktablarda bo‘lib qaytgan, qirg‘izistonlik o‘quvchilar Andijondagi maktablar faoliyati bilan tanishgan. 

Ana shunday hamkorlik doirasida O‘sh davlat universiteti professori, tarix fanlari doktori Turdiboy Qodirov rahbarligidagi bir guruh olimlar Jalaquduq tumanidagi qator maktablarda bo‘ldi. 

[gallery-15704]

Dastlab qirg‘izistonlik mehmonlar Qirg‘iz milliy madaniy markazi viloyat bo‘limi rahbari Obidjon Nosirov hamrohligida tumandagi Hazrati Qutayba ibn Muslim ziyoratgohini ziyorat qildi. Ushbu maskanda olib borilayotgan ta’mirlash, bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. 

Shundan so‘ng olim tumandagi qirg‘iz tili o‘qitiladigan 43- umumta’lim hamda 73- davlat ixtisoslashtirilgan maktablarida bo‘lib, o‘quv jarayonlarini kuzatdi, maktablarda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi, o‘qituvchi, o‘quvchilar bilan suhbatda bo‘ldi. 

Xorijlik olimlar mamlakatimizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berdi. Shuningdek, dini, tarixi bir, tili yaqin ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik, qo‘shnichilik aloqalarini yanada mustahkamlash haqida gapirdi. 

Mehmonlar maktablar kutubxonalariga qirg‘iz tilidagi kitoblardan sovg‘a qildi. 

F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari