Kecha Qirg‘iz Respublikasi Jogorku Keneshi uchun parlament saylovlar bo‘lib o‘tdi. Dastlabki natijalar ovoz berish to‘liq yakunlanganidan so‘ng e’lon qilinishi kutilmoqda. Saylovning rasmiy natijalari esa 14 dekabrda e’lon qilinadi.
Ta’kidlanishicha, Bishkek vaqti bilan 1 dekabr kuni yarim tunda Rossiya, Turkiya, BAA, Saudiya Arabistoni, Qatar, Misr va Kuvaytda joylashgan 80 ta xorijiy saylov uchastkasida ovoz berish jarayoni yakunlangan.
Qirg‘iziston TIV ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda ovoz berish jarayonlari AQSH, Buyuk Britaniya, Vengriya, Germaniya, Avstriya, Chexiya, Slovakiya, Italiya, Belgiya, Shvetsariya va Fransiyada tashkil etilgan 20 ta saylov uchastkasida davom etmoqda. Ayrim xorijiy uchastkalarda vaqt tafovuti tufayli ovoz berish kechroq yakunlanadi.
Soat 00:00 holatiga ko‘ra, xorijdagi saylov uchastkalarida ovoz bergan Qirg‘iz Respublikasi fuqarolari soni 25 458 kishini tashkil etdi.
Shuningdek, kecha Qirg‘izistonning Toshkentdagi elchixonasida ham Jogorku Keneshi deputatlarining muddatidan ilgari saylovi bo‘yicha 9025-saylov uchastkasiga O‘zbekistonda vaqtincha istiqomat qilayotgan, mehnat faoliyatini olib borayotgan, ta’lim olayotgan qirg‘izistonliklar kelib ovoz berishdi.
Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasi (MSK) yakshanba kuni ma’lum qilishicha, mamlakat bo‘ylab jami 2619 ta saylov uchastkasi, shuningdek, masofaviy ovoz berish uchun 27 ta va xorijda 100 ta saylov uchastkasi faoliyat yuritgan.
Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi kuzatuvchilari missiyasi rahbari, MDH bosh kotibining birinchi o‘rinbosari Igor Petrishenko bugun Markaziy saylov komissiyasida bo‘lib o‘tgan brifingda Qirg‘iziston Jogorku Keneshi deputatlarining muddatidan oldin saylovi ochiq, raqobatbardosh va milliy qonunchilikka to‘liq mos ravishda o‘tganini ta’kidladi.
– Tashviqot kampaniyasi uyushqoqlik bilan va qonun talablariga muvofiq o‘tdi, davlat organlari va ommaviy axborot vositalari aholini saylov jarayoni haqida faol xabardor qilib turdi, -dedi u. – Mamlakatda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan qonunbuzarliklarga tezkor munosabat bildirish va shikoyatlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.
Uning qayd etishicha, Qirg‘iziston saylov qonunchiligi umume’tirof etilgan xalqaro normalarga javob beradi hamda erkin va demokratik saylovlarni o‘tkazish uchun zarur huquqiy asosni ta’minlaydi.
Parlamentga muddatidan ilgari deputatlar saylovida 460 nafar nomzod ishtirok etmoqda. Parlament deputatlari saylovini o‘tkazish uchun 30 ta ko‘p mandatli saylov okrugi tuzilib, ularning har birida majoritar tizim bo‘yicha uchtadan deputat saylanadi. Bunda har bir saylov okrugidagi uchta o‘rindan hech bo‘lmaganda bittasini ayollar egallashi mumkin. Shu bilan birga, parlamentda kamida 30 ta deputatlik mandati ayol deputatlarga tegishli.
Ma’lumot o‘rnida: joriy yilning 25 sentyabr kuni Qirg‘iziston parlamenti deputatlari o‘zini o‘zi tarqatib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Tegishli taklif 32 nafar deputatdan iborat tashabbuskor guruh tomonidan ilgari surildi.
Izohlanishicha, ikki muhim siyosiy voqea - prezidentlik va parlament saylovlari o‘rtasida qisqa vaqt oralig‘i mavjud bo‘lib, mamlakatda siyosiy tizim va barqarorlikni mustahkamlash maqsadida tashabbus guruhi parlamentga o‘z vakolatlarini ixtiyoriy ravishda topshirish taklifini ilgari surgan.
30 sentyabr kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov parlamentga muddatidan oldin deputatlar saylovini 2025 yil 30 noyabrga tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Jogorku Kenesh - Qirg‘izistonning bir palatali parlamenti bo‘lib, besh yil muddatga saylanadigan 90 nafar deputatdan iborat. Dastlabki jadvalga ko‘ra, yangi parlament saylovlari 2026 yil noyabr oyida bo‘lib o‘tishi kerak edi, biroq ikki oydan so‘ng - 2027 yil yanvar oyida prezidentlik saylovlari rejalashtirilgan.
O‘tkir Alimov, O‘zA