Qirg‘iziston Respublikasining bosh axborot agentligi – “Kabar” ma’lum qilishicha, bugun ertalab Bishkek vaqti bilan 08.00da mamlakat prezidentligi uchun muddatidan oldingi saylovning birinchi bosqich va respublika boshqaruvi shaklini aniqlab berish maqsadida o‘tkazilayotgan umumxalq referendumi boshlandi. Butun Qirg‘iziston bo‘ylab 2474 saylov uchastkasi bir vaqtda ochildi.
Respublika MSK ma’lumotiga ko‘ra, QR prezidenti saylovi va referendumda jami 3 million 563 ming 574 nafar fuqaro ishtirok etishi kutilyapti.
Prezident lavozimini egallash uchun 17 nomzod kurash olib boradi. Avvaliga ular 18 nafar edi, saylov arafasida da’vogarlardan biri Rashid Tagayev MSKga murojaat qilib, o‘z hujjatlarini qaytarib oldi. Demak, uning nomi saylov byulletenlaridan o‘chiriladi.
Referendum orqali mamlakatni bundan keyingi boshqaruv shakliga oydinlik kiritib olinadi. Tanlov uchun uch variant berilgan:
— prezidentlik respublikasi;
— parlament respublikasi;
— barcha variantlarga qarshi.
Saylovchilarga 2 ta byulleten taqdim etilmoqda – birinchisi, oq rangli varaqa prezident saylovi, ikkinchi, ko‘k rangdagisi referendum uchun mo‘ljallangan.
Qayd etish joiz, saylovlarda faqat 18 yoshga to‘lgan va o‘z biometrik ma’lumotlarini taqdim etgan fuqarolargina ishtirok etishlari mumkin. Saylovchi yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan manzilida joylashgan saylov uchastkasida, pasport (ID-card yoki umumfuqarolik pasport) ko‘rsatish sharti bilan ovoz berishda qatnashish huquqiga ega.
O‘zA