Qirg‘iziston Respublikasi Madaniyat, axborot va yoshlar siyosati vaziri Mirbek Mambetaliyev Markaziy Osiyoda madaniy diplomatiyaning ahamiyati ortib borayotgani, ayniqsa O‘zbekiston bilan hamkorlik so‘nggi yillarda yangi sur’at kasb etganini ta’kidladi. Uning fikricha, madaniyat bugungi globallashuv davrida nafaqat xalqning ruhiy negizi, balki davlatlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlovchi strategik vositaga aylangan.
Mambetaliyev Qirg‘iziston va O‘zbekiston rahbarlari tomonidan olib borilayotgan ochiq va do‘stona siyosat ikki xalq o‘rtasidagi tarixiy yaqinlikni mustahkamlab, san’at, adabiyot, teatr va kino sohalarida faol almashinuv yo‘lga qo‘yilgani, o‘zaro tashabbuslar ijodkorlar, yoshlar va ilmiy doiralar hamkorligining yangi shakllarini yuzaga kelayotganini qayd etdi.
– O‘sh shahridagi O‘zbek drama va musiqa akademik teatrini rekonstruksiya qilish uchun O‘zbekiston tomonidan mablag‘ ajratilishi madaniy merosga hurmat va o‘zaro ishonchning yorqin ifodasidir, – dedi vazir. – Teatrning yangilanishi xalqlarimiz badiiy an’analarini bir sahnada uyg‘unlashtirib, mintaqa madaniy hayotini sezilarli darajada boyitadi. Qolaversa, Qirg‘izistonda o‘tkazilayotgan madaniy festivallar va boshqa xalqaro tadbirlarda O‘zbekiston ijodkorlarining faol ishtiroki umumiy madaniy makonni shakllantirishda muhim o‘rin tutmoqda. Qo‘shma ijrolar, adabiy va musiqiy almashinuv, folklor jamoalari chiqishlari ruhiy yaqinligimizni yanada kuchaytirmoqda. Ayniqsa yoshlar ishtirokidagi tashabbuslar – ijodiy oromgohlar, madaniy forumlar, kreativ sanoat bo‘yicha treninglar va media loyihalarni kelajak avlodni bir-biriga yaqinlashtiruvchi eng ta’sirchan vositalar sifatida qabul qilish mumkin. Izchil hamkorlik mintaqa barqarorligini ta’minlash, yangi qo‘shma loyihalar yaratib, ijodiy salohiyatni ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi. Madaniyat bizni birlashtiradi, san’at yaqinlashtiradi, yoshlar esa bu merosni kelajakka yetkazadi. Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy yaqinlik – tarixga tayanadigan do‘stlik va kelajakka qaratilgan ishonchdir.
Musulmon Ziyo, O‘zA