Bishkekda tashkil etilgan «Qirg‘iziston-O‘zbekiston» biznes-forumi yakunlari bo‘yicha kimyo, elektrotexnika, avtomobilsozlik, to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari, charm mahsulotlari ishlab chiqarish va boshqa sohalarda umumiy qiymati 1,6 milliard dollardan ortiq bo‘lgan mustahkam kelishuvlar to‘plami imzolandi.
Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitovning so‘zlariga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida imzolangan hujjat yo‘l xaritasi bo‘lib, taxminan 500 million AQSH dollari miqdoridagi asosan, mamlakatimiz bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan chorvachilik, meva-sabzavotchilik va boshqa shu kabi yo‘nalishlardagi loyihalar taqdim etilgan.
"Bugun ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasida juda ko‘p loyihalar birgalikda amalga oshirilyapti, – deydi Aziz Voitov. – bugungi tadbir doirasida ham sohaga tegishli kelishuvlarga erishdik. Jumladan, chorvachilik yo‘nalishida Qirg‘izistondagi yerlardan unumli foydalangan holda hamkorlikda chorvachilik komplekslari tashkil etish rejalashtirildi. Meva-sabzavot yo‘nalishida ham birgalikda hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Qirg‘izistonda tajriba tariqasida boshlanishiga 100 gektar intensiv bog‘ tashkil etiladi. Ikki davlat o‘rtasida yetishtirilgan meva-sabzavot birgalikda uchinchi davlatga eksport qilinadi. Shuningdek, kelgusida hamkorlikda yangi innovatsion loyihalar asosida issiqxonalar barpo etiladi".
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA