Prezidentimizning Qirg‘iz Respublikasiga davlat tashrifi arafasida Bishkek shahrida “Qirg‘iziston – O‘zbekiston” biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Anjumanda ikki mamlakat hukumati a’zolari, tegishli vazirlik, idoralar, tarmoq birlashmalari, hududiy ma’muriyat rahbarlari, ishbilarmon doiralarining 350 dan ortiq vakili ishtirok etdi.
Forumning ochilish marosimida so‘nggi besh yil ichida O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabat sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani ta’kidlandi. Jumladan, tovar ayirboshlash miqdori 7 barobar oshib, 2022 yil davomida 1,2 milliard dollarni tashkil etdi. Ma’lum qilinganidek, davlatlarimiz iqtisodiyoti yaqin kelajakda 2 milliard dollarlik marradan o‘tish uchun yetarli salohiyatga ega. Bunga, boshqa choralar qatori, o‘zaro sement, ko‘mir, rangli metall, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika va to‘qimachilik mahsulotlari, kimyoviy o‘g‘it, maishiy va savdo uskunalari yetkazib berishni ko‘paytirish evaziga erishish mumkinligi qayd etildi.
Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish hamkorlikning ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilangan. Qo‘shma korxonalar soni 2016 yilga nisbatan soni 8 barobar oshib, 320 taga yetgan. Avtomobil va tijorat texnikasi vositalari ishlab chiqarish, qo‘shma to‘qimachilik korxonalarini ishga tushirish, kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish, shuningdek, elektr energiyasini hisobga olish tizimini joriy etish bo‘yicha yangi g‘oyalarni amalga oshirishga kelishildi. Ikki mamlakat iqtisodiyoti bir-birini to‘ldirishi tamoyili asosida temir, kaolin, travertin, bazalt konlarini o‘zlashtirish orqali yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulot ishlab chiqarishga qaratilgan yirik loyihalar ishlab chiqilmoqda.
Qishloq xo‘jaligi sohasida ham har ikki iqtisodiyotning raqobatbardosh ustunligidan foydalanish ko‘zda tutilgan. Bunda intensiv bog‘lar va zamonaviy issiqxonalarni rivojlantirish, birgalikda kartoshka, makkajo‘xori va go‘sht yetishtirish, qo‘shma chorvachilik majmualari yaratish nazarda tutilmoqda.

Anjuman davomida hududlararo hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor berildi. O‘zbekistonning chegara oldi viloyatlari hokimlari va Qirg‘iziston Hukumatining chegara oldi viloyatlaridagi vakolatli shaxslari Kengashi tashkil etilgan. Andijon va O‘sh, Namangan va Jalolobod, Farg‘ona va Botken viloyatlari o‘rtasida qardoshlik munosabati o‘rnatilgan. Natijada keyingi 3 yil ichida bu hududlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash miqdori ikki barobar oshdi. O‘zaro ishbilarmonlik missiyalari, ko‘rgazma va forumlar o‘tkazish, hududlar turizm salohiyatini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha ish davom ettiriladi.
O‘tgan yil sentyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan SHHT sammitida “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi loyihasini amalga oshirish bo‘yicha tarixiy uch tomonlama bitim imzolangani ta’kidlandi. Mazkur strategik loyiha ro‘yobga chiqarilishini faollashtirish transport va logistika sohasidagi umumiy ustuvor maqsad sifatida tilga olindi. Bu loyiha Markaziy Osiyo mintaqasida an’anaviy tranzit yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish orqali yuk tashish sur’ati, ayirboshlanadigan mahsulot hajmini oshirish imkonini beradi.
Ishni tizimli yo‘lga qo‘yish, ikki davlat tadbirkorlarining doimiy hamkorligi uchun shart-sharoit yaratish maqsadida maxsus onlayn platforma ishlab chiqiladi. Shu tariqa ishbilarmon doira vakillari savdo shartnomasi tuzish, tayyor sanoat kooperatsiyasi loyihasini, biznes hamkorni tanlashda qo‘shimcha qulaylikka ega bo‘ladi.
Biznes-forum dasturi doirasida o‘tkazilgan panel muhokamasi va davra suhbatida ishtirokchilar iqtisodiy hamkorlik istiqbolini, kooperatsiya va hududiy integratsiya masalasini atroflicha muhokama qildilar. “V2V” muzokaralarida tadbirkorlar va investorlar e’tibori yangi qo‘shma loyihalarga qaratildi. Barcha muloqotlar aniq kelishuvga erishish uchun hamkorlikning samarali formati va yuqori sur’atini aniqlab olish imkonini berdi.
Forum yakuni bo‘yicha kimyo, elektrotexnika, avtomobilsozlik, to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari, charm mahsulotlari ishlab chiqarish va boshqa sohalarda umumiy qiymati 1,6 milliard dollardan ortgan muhim kelishuvlar imzolandi.
O‘zA