Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qirg‘iziston jamoasini mag‘lub etgan yosh futzalchilarimiz ertaga Bahraynga yo‘l oladi
14:21 / 2025-10-20

Shu kunlarda Bahraynning Manama shahrida III Osiyo yoshlar o‘yinlari bahslari bo‘lib o‘tmoqda.

Sportning 28 yo‘nalishi bo‘yicha Osiyoning eng kuchli, iqtidorli yoshlari ishtirok etadigan o‘yinlarda mamlakatimizning yosh sportchilari ham ishtirok etmoqda.

Mazkur “kichik olimpiada” o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan yurtimiz futzalchilari kecha poytaxtimizda Qirg‘iziston yoshlari bilan kuch sinashib, 8:2 hisobida zafar quchdi.

III Osiyo yoshlar o‘yinlari dasturidan o‘rin olgan futzal musobaqasida 8 ta jamoa kuch sinashadi.

Qur’a natijasiga ko‘ra, futzal jamoalari ikkita guruhga ajratilgan. Bahrayn safariga tayyorgarlik ko‘rayotgan O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi “A” guruhida musobaqa mezboni Bahrayn, Afg‘oniston hamda Xitoy terma jamoalariga qarshi maydonga tushadi.

“B” guruhidan Eron, Tailand, Saudiya Arabistoni hamda Qirg‘iziston terma jamoalari joy olgan.

Osiyo o‘yinlari dasturidan o‘rin olgan futzal bahslari Bahrayn mamlakatining shimoliy qismida joylashgan “Xalifa sport siti” majmuasida tashkil etiladi.

Ertaga, 21 oktyabr kuni O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Bahraynga yo‘l oladi. Hamyurtlarimiz 24 oktyabr kuni ilk o‘yinda Afg‘oniston o‘smirlariga qarshi bahs olib boradi.

Eslatib o‘tamiz, Osiyo o‘yinlari futzal bahslari 2026 yil Senegal poytaxti Dakar shahrida o‘tadigan Yoshlar olimpiadasi uchun saralash musobaqasi vazifasini o‘tashi bilan ahamiyatli sanaladi.

T.Ro‘ziyev,

O‘zA