Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qirg‘iziston elchisi Andijonda bo‘ldi
21:19 / 2025-09-19

Qirg‘iziston Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Duyshenqul Chotonov Andijon viloyatida bo‘ldi.

Viloyat hokimining o‘rinbosari Ilhomjon Sobirov Qirg‘iziston Respublikasi elchisi bilan uchrashib, muloqot o‘tkazdi. 

Uchrashuvda O‘zbekiston va Qirg‘iziston Respublikalari davlat rahbarlari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng qamrovli hamkorlik alohida e’tirof etildi. Davlatlarimiz, qardosh xalqlarimiz o‘rtasidagi, xususan, savdo, turizm, ta’lim va boshqa yo‘nalishlarda hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi. Ayniqsa, yaqin qo‘shnichilik munosabatlarini yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga alohida e’tibor qaratildi.

Shundan so‘ng elchi Andijon davlat pedagogika institutida bo‘ldi. Institut rektori tarix fanlari doktori, professor Baxtiyorjon Rasulov mehmonni qutlab, davlatlarimiz rahbarlari tomonidan olib borilayotgan yaxshi qo‘shnichilik siyosati natijasida ikki tomonlama munosabatlar barcha jabhalarda jadal rivojlanib borayotganligi, o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi davri boshlanganligini ta’kidladi.

Elchi Andijon davlat pedagogika institutida ta’lim sifati va pedagoglar tayyorlash borasidagi yutuqlarni alohida e’tirof etdi. Qirg‘izistonning oliy ta’lim muassasalari bilan institut o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yanada jadallashtirish lozimligini qayd etdi. Qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.

Qirg‘iziston elchisi institutda faoliyat yuritayotgan Qirg‘iz tili va madaniyati markazi faoliyati bilan tanishdi. “Ona tili va adabiyoti: Qirg‘iz tili” yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar hamda akademik mobillik dasturi asosida Qirg‘izistondan kelgan talabalar bilan muloqot o‘tkazdi. Qirg‘iz tili bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash borasida olib borilayotgan ishlarga yuqori baho berdi, talabalarga yaratilgan sharoitlar, keng imkoniyatlar uchun institut rahbariyatiga minnatdorchilik bildirdi.

Tashrif davomida elchi ta’lim o‘zbek va qirg‘iz tilida olib boriladigan Jalaquduq tumanidagi 43-umumta’lim maktabida bo‘lib, maktab jamoasi bilan suhbatda bo‘ldi. Maktabda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. 

Elchi Duyshenqul Chotonov Andijon tumanidagi “Ipak yo‘li” erkin iqtisodiy zonasida joylashgan quyosh panellari va elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Andijon yashil energiya” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi xorijiy korxonada bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdi. Mas’ullar bilan suhbatda mamlakatlarimiz, xususan, Qirg‘izistonning Andijon viloyati bilan qo‘shni viloyatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik ko‘lamini kengaytirish, korxona mahsulotlarini Qirg‘izistonga yetkazib berish yuzasidan fikrlar bildirildi. 

Shuningdek, elchi respublika Qirg‘iz milliy-madaniy markazining Andijon viloyat bo‘limida bo‘lib, faoliyati bilan tanishdi. Bir guruh markaz faollari bilan muloqot o‘tkazdi.

F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari