Mamlakatimizda amaliy tashrif bilan kelgan Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisi, Prezident Administratsiyasi rahbari Aqilbek Japarov boshchiligidagi delegatsiya Namangan viloyatida ham bo‘ldi. Hududlarda amalga oshirilayotgan islohotlar samaralari, xususan tadbirkorlar tomonidan yo‘lga qo‘yilgan savdo va ishlab chiqarish markazlari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Ikki tomonlama istiqbolli hamkorlikni yanada mustahkamlash, bu borada hududlararo yo‘lga qo‘yilgan iqtisodiy aloqalarni yangi sifatga ko‘tarishga qaratilgan tashrif avvalida mehmonlar To‘raqo‘rg‘on tumanidagi "Iftixor kiyim sanoati" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan loyihani ko‘zdan kechirdi.
Mazkur joyda tadbirkor va senator Anna Dobrix boshchiligidagi jamiyat tashabbusi bilan paxta xomashyosidan ip-kalava, to‘quv, bo‘yash, tikuv va denim-nondenim ishlab chiqarish majmuasi qurilmoqda. Qayd etish joiz, viloyatning sanoat ishlab chiqarishida o‘z mavqeiga ega ushbu korxona ishlab chiqarish kompleksini bunyod etishi uchun 17 gektar maydonda qurilish ishlarini olib bormoqda.
Qiymati 181 million yevro bo‘lgan, shu jumladan 126 million yevro bank krediti jalb qilinadigan mazkur loyiha kelgusida 100 million yevro mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi. Eng muhimi, 3 ming kishi doimiy ish bilan ta’minlanadi.
[gallery-10907]
Delegatsiya a’zolari Davlatobod tumanidagi "Fazman tekstil" mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli korxona faoliyatini ham ko‘zdan kechirishdi. Yaqinda ochilgan mazkur tekstil korxonasi asosiy e’tiborni eksportga qaratgan. Ish ham ayni shundan boshlandi, ya’ni Germaniyaning dunyoga mashhur “Digel” va "Carl Gross" brendlari bilan hamkorlik o‘rnatildi. Loyiha qiymati 20 million dollarni tashkil etib, buning hisobidan ulkan zamonaviy inshoot barpo etildi. Yevropa mamlakatlaridan eng so‘nggi rusumdagi uskunalar olib kelindi. Dastlabki bosqichda, mingga yaqin ish o‘rni yaratildi. Korxonada yoshlarga ish o‘rgatish uchun o‘quv markazi ham tashkil etilgan.
Ta’kidlab o‘tilganidek, korxona yiliga 1 million dona kostyum-shim ishlab chiqarish quvvatiga ega. Ular brend talablariga mosligi bois xushbichim va yuqori sifatli. Joriy yilning o‘zida 15 million dollarlik eksport qilish rejalashtirilgan. Qirg‘izistonlik martabali mehmon bu yerdagi mahsulotlar sifati va eksport salohiyatini yuqori baholadi. Shuningdek, Qirg‘iziston delegatsiyasi xizmat safari davomida Namangan viloyati sanoatida o‘ziga xos mavqega ega bo‘lgan, paxtachilik klasteri hamda bir qator ishlab chiqarish korxonalarini o‘zida jamlagan “Art soft cluster” xolding kompaniyasining Namangan shahridagi savdo va ishlab chiqarish majmuasiga bordi. Bu yerda mehmonlarga ishlab chiqarish hajmi va mahsulotlar turi haqida batafsil ma’lumot berildi.
Korxonada bugungi kunda to‘quv, bo‘yoq va tikuv sexlari faoliyat ko‘rsatib, ularda mingdan ziyod ishchi-xodimlar mehnat qilmoqda. Kompaniya mahsulotlarining 85-90 foizi eksportga yo‘naltirilmoqda. Delegatsiya a’zolarida korxonaning ishlab chikarish jarayonlari va shourumi katta taassurot qoldirdi. Ikki tomonlama savdo-sotiq, ishlab chiqarish va hududlarni infratuzilmasini yaxshilash borasida tajriba almashishda muhim ahamiyat kasb etgan tashrif davomida delegatsiya a’zolariga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Ochilboy Ramatov, Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov hamrohlik qildi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.