O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov 18-19 iyul kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ldi.
Dasturga boy – istiqbolli kelishuvlar, yangi loyihalar startiga chorlov bo‘lib xizmat qilgan ikki kunlik tashrif O‘zbekiston va Qirg‘iziston munosabatlari rivojida muhim ahamiyat kasb etadi.
Madaniyat yo‘nalishidagi aloqalar ham jadal tus olmoqda. Mamlakatlarimizda madaniy tadbirlar, jumladan, davra suhbatlari, kino kunlari, musiqiy kechalar va konsertlar tashkil etish yaxshi an’anaga aylangan.
[gallery-18347]
Qirg‘iziston Prezidentining O‘zbekistonga tashrifi doirasida 18-22 iyul kunlari yurtimizda Qirg‘iziston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tmoqda. Yuqori darajadagi tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 26-27 yanvar kunlari Qirg‘iziston Respublikasiga davlat tashrifi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi va “Yo‘l xaritasi” asosida o‘tkazilyapti.
19 iyul kuni haftalik doirasida poytaxtimizdagi “Moviy gumbazlar” xiyobonida “Qirg‘iz sayli” nomli ko‘rgazma va konsert dasturi bo‘lib o‘tdi. Do‘stlik kechasida qo‘shni davlat vakillari, madaniyat va san’at namoyandalari ishtirok etdi. Mehmonlar ko‘ngilochar bog‘da Qirg‘iziston vakillari tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazmadan bahramand bo‘ldilar. Tadbir ishtirokchilariga o‘tovlarda qirg‘iz milliy musiqa asboblari, uy-ro‘zg‘or buyumlari namoyish etildi.
Kechaning ochilish marosimida so‘zga chiqqan O‘zbekiston madaniyat vaziri birinchi o‘rinbosari Avazxon Tojixonov va Qirg‘iz Respublikasi madaniyat, axborot, sport va yoshlar vaziri birinchi o‘rinbosari Timurlan Ajimaliyev ikki qardosh xalq do‘stligi va o‘zaro qo‘shnichilik munosabatlari ming yillardan buyon davom etib kelayotganini ta’kidladi. Tili, dini, dunyoqarashi bir xalqlarimiz o‘rtasida madaniyat kunlari – ko‘rgazma va konsert tashkil etish san’atimizni uyg‘unlashtirishi alohida qayd etildi.
Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Musa Jamanboyev ham nutq so‘zlab, ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, adabiyot va san’at, madaniy, transport va boshqa sohalaridagi hamkorlik yanada mustahkamlanib borayotganini ta’kidladi.
– Prezidentimizning ikki kunlik davlat tashrifi o‘zbek-qirg‘iz xalqlari farovonligi yo‘lidagi katta voqelik bo‘ldi, – dedi muxtor elchi O‘zA muxbiriga bergan intervyusida. – Oliy darajadagi tashrif madaniyat, san’at sohalaridan tortib iqtisodiyot, gumanitar yo‘nalishlargacha aloqalarimizni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Munosabatlarimiz ko‘p qirrali. Qirg‘iziston va O‘zbekiston qardosh davlatlar, an’analar mushtarak. Shu bois, biz yurtingizda Qirg‘iziston madaniyati kunlarini o‘tkazyapmiz. Masalan, Alisher Navoiy nomidagi kino saroyida “Qirg‘iz kinosi kunlari” katta tantana bilan ochildi, mana endi “Moviy gumbazlar” xiyobonida “Qirg‘iz sayli” ko‘rgazmasi va konsert dasturi katta qiziqish bilan qarshi olinmoqda.
Darhaqiqat, ikki mamlakat san’at ustalari tomonidan namoyish etilgan konsertda xalqalarimiz hayoti chuqur tarixiy ildizlar bilan bog‘langanini his qildik. Poytaxtimiz aholisi va mehmonlar ko‘rgazma ashyolari juda qiziqarli ekani, yangrayotgan kuy-navolar o‘zbek va qirg‘iz xalqlarining ko‘p asrlik do‘stligi ifodasi bo‘lganini qayd etishdi.
Oy nuri ostida o‘tgan sayl Qirg‘iziston milliy “Manas” teatri, “Qambarkan” folklor-etnografik ansambli, Choro Qo‘jo‘mjarov nomidagi estrada-simfonik orkestri, “Ak-maral” davlat raqs ansambli, T.Abdumomunov nomidagi Qirg‘iziston milliy akademik drama teatri, “Shattik” va “Dilgir” namunali raqs ansambllari, taniqli kinoijodkorlar, hunarmandlar, solistlar chiqishi bilan esda qolarli bo‘ldi.
Umuman olganda, Qirg‘iziston madaniyati kunlarida konsertlar, hunarmandlar ijodi, qirg‘iz filmlari, milliy raqslar, qirg‘iz xalqining teatr san’ati namoyish etilmoqda.
20 iyul kuni O‘zbekiston davlat konservatoriyasida Qirg‘iz Respublikasi xalq artisti, kompozitor M.Begaliyevning konserti, Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatrida “Somonchining yo‘li” nomli spektakl namoyishi ham o‘tkalishi rejalashtirilgan.
Behruz XUDOYBERDIEV,
Nosirjon HAYDAROV (surat),
O‘zA