Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qirg‘iz Respublikasi bilan ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelgusi rejalar muhokama qilindi
11:16 / 2020-11-06

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo‘lib targan Qirg‘iz Respublikasi tashqi ishlar vaziri Ruslan Kazakbayev bilan uchrashdi.

Muloqot chog‘ida ikki tomonlama hamkorlik kun tartibi, ilgari erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish hamda savdo, investitsiya, sanoat kooperatsiyasi, transport sohasidagi o‘zbek-qirg‘iz sherikligini kengaytirish istiqboli, shuningdek, ta’lim, sog‘liqni saqlash va madaniyat sohalaridagi o‘zaro aloqalarni mustahkamlash kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy ko‘rsatkichlarni bir necha barobar oshirish uchun ulkan salohiyat mavjudligi qayd etildi. O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasidagi sanoat kooperatsiyasi sohasida hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish, kelishish va amalga oshirish jarayonini jadallashtirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Shu nuqtai nazardan, tomonlar Hukumatlararo komissiya ishini va O‘zbekiston va Qirg‘izistonning chegara oldi viloyatlari ma’muriyat rahbarlari Kengashi faoliyatini kuchaytirish bo‘yicha yakdil qarorga kelishdi.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar aylanmasi hajmini yaqin yillarda 1 milliard dollarga yetkazish maqsadida savdo to‘siqlarini bartaraf etish bo‘yicha o‘zaro samarador hamkorlikka tayyorlik qayd etildi.

Tadbir davomida transport-logistika sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqboli ham ko‘rib chiqildi. Ayni yo‘nalishda har ikki mamlakatning tegishli vazirlik, idoralari tarkibida maxsus ishchi guruhlar tuzishga kelishib olindi. 

Yuk tashish hajmi va mintaqaviy transport yo‘laklaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq takliflar, shuningdek, transport sektoridagi dolzarb masalalarga yechim ishlab chiqish, jumladan, qo‘shma logistika markazlari ochish hamda avtomobil va temir yo‘l infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish mazkur ishchi guruhlar faoliyatining asosini tashkil etadi.

Suhbat davomida energetika, ta’lim, sog‘liqni saqlash, fan, madaniyat va turizm sohalaridagi hamkorlikning muhim jihatlariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Uchrashuv yakuni bo‘yicha kelgusidagi o‘zaro aloqalarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi, ko‘p qirrali hamkorlik masalalarini zudlik bilan hal qilish uchun muntazam uchrashuvlar o‘tkazish, doimiy muloqot qilish amaliyotini davom ettirishga kelishib olindi.