Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qirg‘iz kinolari muxlislarga taqdim etilmoqda
09:04 / 2024-07-20

Milliy kino san’ati saroyida Qirg‘iz Respublikasi madaniyati kunlari doirasida “Qirg‘iz kino kunlari” ochilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirga Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi direktori Furqat Usmonov moderatorlik qildi.  

Qirg‘iziston Madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vaziri birinchi o‘rinbosari Timurlan Ajimaliyev hamda O‘zbekiston madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazbek Tojixonov, Kinematografiyani rivojlantirish markazi direktori Shuhrat Rizayev ikki mamlakat madaniy aloqalarining mustahkamlanib borayotgani haqida gapirdi.  

Aytish kerakki, o‘zbek va qirg‘iz kinochilari hamkorligi o‘z tarixiga ega. Buning samarasi o‘laroq, birgalikda bir qator filmlar yaratilgan, qirg‘iz aktyorlari yurtimiz kinochilarining filmlarida, o‘zbekistonlik aktyorlar esa qardosh xalq filmlarida rollar ijro etganlar.  

Hamkorlikda filmlar yaratishga oid ishlar bugun ham davom etmoqda. "Sarvqomat dilbarim",  "So‘x", "Samarqandda bir kuni", "Zomin burguti" kabi kinokartinalar shular jumlasidan.

Shuningdek, qirg‘iz delegatsiyasi vakillaridan Qirg‘iz Respublikasi Madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vazirligi huzuridagi Kinematografiya departamenti direktori Akjoltoy Bekbolotov, departament bosh mutaxassisi Aysulu Subanaliyeva, “Qirg‘izfilm” Milliy kinostudiyasi direktori Aida Usonova,  Qirg‘iziston xalq artisti, kinorejissyor Artikpay Suyundukov, “Darak iri” filmi rejissyori Oybek Dayirbekov, Qirg‘iziston Kinematograflar uyushmasi raisi Talay Kulmendeyev, Qirg‘iziston xalq artisti, rejissyor Nurlan Abdiqodirov kino muxlislariga tanishtirildi.  

Qardosh xalq delegatsiyasi vakillariga Кинематография agentligi direktori Shuhrat Rizayev tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.

Ikki davlat kino sohasi mutasaddilari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Memorandum kino ustalari o‘rtasidagi hamkorlikni tobora kengaytirish, birgalikda filmlar yaratish, yangi ijodiy loyihalar ustida ish olib borishni ko‘zda tutadi.  

Shundan so‘ng kinoixlosmandlar uchun Oybek Dayirbekov tomonidan suratga olingan “Darak iri” ("Daraxt qo‘shig‘i")  filmining namoyishi bo‘lib o‘tdi.

- O‘zbekistonga kelganimdan juda xursandman, - dedi rejissyor Oybek Dayirbekov. -  Bu diyorni, uning poytaxtini juda yaxshi ko‘raman. Bugun muxlislarga taqdim etayotgan filmimiz xalq eposi, dostoni yo‘nalishida suratga olingan. Unda turkiy xalqlarning an’analari aks ettiriladi.

"Daraxt qo‘shig‘i" filmi muqaddas qadriyatlarning oyoq  osti qilinishi insoniyat boshiga ko‘p kulfatlar keltirishi, beg‘ubor tuyg‘ular haqida hikoya qilishi bilan birga, tomoshabinni qabihlik, xusumat, yomonliklardan ogoh etishi bilan ahamiyatli.

"Qirg‘iz kino kunlari"  doirasida "Belek", "Teңirberdi" kabi filmlarning namoyishi ko‘zda tutilgan.

Nazokat Usmonova, ЎзА muxbiri