English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qimorxona faoliyatiga chek qo‘yildi
15:37 / 2022-05-30

Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida huquq-tartibot idoralari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda yashirin ravishda ish olib borgan qimorxona faoliyatiga chek qo‘yildi.

Qimorbozlik – o‘zganing mulkini o‘zlashtirishdan qolishmaydigan illat. Yurtimizda har qanday turdagi qimor o‘yinlarini tashkil etish va uni o‘ynash qonunan ta’qiqlangan bo‘lib, jamiyatda ham qoralangan. Afsuski, buni anglamagan kimsalar hamon oramizda uchrab turibdi. 

Buxoro viloyati ichki ishlar organlari va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar hamkorligida o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbirda G‘ijduvon tumani “Firishkent” mahallasi Arablar qishlog‘ida yashovchi, 40 yoshli erkak qimorxona tashkil etganligi fosh etildi. Ushbu fuqaro o‘zining yashash xonadoni molxonasida xo‘roz urishtirishga mo‘ljallangan maxsus maydon tashkil etadi. Yarim tun bo‘lishiga qaramasdan qimor va tavakkalchilikka asoslangan xo‘roz urishtirish o‘tkazayotganligi aniqlanadi. 

O‘tkazilgan tezkor tadbirda ushbu fuqaroning xo‘roz urishtirish tomoshasiga kelgan 100 ga yaqin fuqarolardan maxsus maydonga kirishi uchun 20 ming so‘mdan pul olganligi hamda har bir xo‘roz urushi davomida yutuq pulining ma’lum foizini ham qo‘lga kiritib kelayotganligi aniqlanadi. Ushbu holat yuzasidan tezkor surishtiruv harakatlari olib borilib, 5 ta zotdor xo‘rozlar daliliy ashyo sifatida olib qo‘yildi. 

Hozirgi kunda tuman ichki ishlar boshqarmasi tomonidan xo‘roz urushi o‘yinlarida ishtirok etgan fuqarolar hamda o‘yinni tashkil qilgan fuqaroga nisbatan surishtiruv tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Endi mazkur shaxslar qilgan ishi uchun qonun oldida javob beradi.

Zarif Komilov, 
O‘zA muxbiri