Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qimmatli landshaftlarni boshqarish va tiklashda xalqaro hamkorlik
16:25 / 2025-11-26

Samarqandda davom etayotgan Yo‘qolib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdoni tartibga solish to‘g‘risidagi konvensiya (CITES) Tomonlar konferensiyasining 20-sessiyasi (CITES CoP20) doirasida “O‘zbekistonda qimmatli landshaftlarni kompleks boshqarish va tiklash” (EcoLand) loyihasi taqdimoti o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan BMT taraqqiyot dasturi hamda Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi (IUCN) bilan hamkorlikda “GEF-8” doirasida amalga oshirilayotgan loyihaning umumiy qiymati 6,1 million AQSH dollarini tashkil etib, O‘zbekistondagi uchta asosiy klaster landshaftlarda ekotizimlarni tiklash va saqlash bo‘yicha innovatsion kompleks yondashuvlarni kengaytirishga qaratilgan.  

“GEF-8” ekotizimlarni tiklash bo‘yicha integratsiyalashgan global dasturi doirasidagi loyiha ekotizimlar degradatsiyasi va bioxilma-xillikning yo‘qolishiga olib kelayotgan sabablarni bartaraf etishga qaratiladi. Buning uchun to‘rtta o‘zaro bog‘liq tarkibiy qism – yer resurslarini barqaror boshqarish, bioxilma-xillikni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishini yumshatish va mahalliy hamjamiyatlarning inklyuziv ishtiroki birlashtiriladi.

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov O‘zbekiston o‘zining qimmatli landshaftlarini tiklash va bioxilma-xillikni kelajak avlodlar uchun asrashga sodiqligini ta’kidladi.

– Ushbu loyiha ekologik islohotlarimizning muhim bosqichi hisoblanadi, – dedi J.Kazbekov. – Loyiha Global ekologik fond (GEF) tomonidan moliyalashtiriladi va yurtimizning eng qimmatli va xilma-xil tabiiy landshaftlarini aks ettiruvchi olti viloyatdagi o‘nta pilot tumanda amalga oshiriladi. Bu hududlar yuqori darajadagi biologik xilma-xilligi, ekologik sezgirligi va mahalliy hamjamiyatlar ishtirokiga asoslangan barqaror boshqaruv salohiyati inobatga olingan holda tanlangan.

Taqdimotda so‘zga chiqqan BMT taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii mamlakatimizning ekologik barqarorlik borasidagi o‘rni oshib borayotganini alohida qayd etdi.

– O‘zbekiston boy bioxilma-xilligi va noyob ekotizimlarini himoya qilish hamda tiklash yo‘lida jiddiy qadamlar tashlamoqda, – dedi Akiko Fujii. – Bu jarayonda biz ham ishtirok etib, mamlakatning global bioxilma-xillik maqsadlariga sodiqligini qo‘llab-quvvatlayotganimizdan faxrlanamiz. Ishonamanki, davlat, fuqarolik jamiyati va xalqaro hamkorlarning birgalikdagi sa’y-harakatlari kutilgan natijalar berib, yosh avlod uchun yashil kelajakni yaratadi.

Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi (IUCN) bosh direktori Gretel Agilar esa  tabiatni tiklash jarayonida ilm-fan va mahalliy hamjamiyatlar ishtiroki muhimligini qayd etdi.

Tadbirda “O‘zbekistonda qimmatli landshaftlarni kompleks boshqarish va tiklash” (EcoLand) loyihasini hamkorlikda amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik bayonoti imzolandi.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri