Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish qanday amalga oshiriladi?
15:42 / 2018-11-28

Oʻzbekistonning Konsoy, Temirqobiq, Kattaich, Sop, Keskan, Oqchobsoy nomli konlarining 590 gektardan ortiq maydonlarida 3 ming kilogramdan ziyod oltin zahiralari hisobga olingan.


Oʻzbekistonning Konsoy, Temirqobiq, Kattaich, Sop, Keskan, Oqchobsoy nomli konlarining 590 gektardan ortiq maydonlarida 3 ming kilogramdan ziyod oltin zahiralari hisobga olingan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori imzolandi. Qaror mazmun mohiyati va unda belgilangan vazifa va topshiriqlarning ahamiyati nimalardan iborat?

Oltin – qimmatbaho metal sifatida miloddan 2-3 ming yillar avval qazib olina boshlangan boʻlib, shu kunga qadar uning qiymati va qadri aslo tushmagan. Insoniyat doim oltin izlashga, jamlashga harakat qilgan va nazarimizda bu shunday boʻlib qolaveradi. Chunki u moliyaviy quvvatning asosiy ustuni, oltini bor kishi hech qachon muhtoj boʻlmaydi. Shukrki, Oʻzbekiston oltin va boshqa qimmatbaho metal zahiralariga boy mamlakat, ularni qazib olish, gʻaznani toʻldirish borasidagi ishlarimiz ham chakkimas. Navoiy, Samarqand, Buxoro, Jizzax va Toshkent viloyati hududlarida qimmatbaho metallarga boy yerlarimiz mavjud. Endi ana shu boyliklarni qazib olish bilan shugʻullanish uchun davlat tomonidan tadbirkorlarga ham imkoniyat yaratilmoqda. Bunga qanday ehtiyoj tugʻildi va uning tartibi qanday boʻladi? Bu haqda sharhimiz davomida batafsil toʻxtalamiz. 

Maʼlumki, amaldagi qonunchilikda, yer qaʼri uchastkalarida qimmatbaho metallarni nosanoat usulda qazib olish bilan shugʻullanishga ruxsat etilmaydi. Biroq, yoʻq yerdan daromad topish mumkin boʻlgan joyda qonunning buzilmasligiga kim kafolat beradi. 

Maʼlumotlarga koʻra, bugun Navoiy, Samarqand va Buxoro viloyatlarida noqonuniy ravishda qimmatbaho metallarni qazib olish tizimli tus olgan boʻlib, ularning yashirincha aylanishi va chet ellarga olib chiqib ketilish holatlari ham kuzatilmoqda. Bu esa bizning, yaʼni halqning rizqi kesilyapti, boyligimiz qoʻsh-qoʻllab birovning choʻntagiga tushayapti degani. 

Prezidentning “Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar
yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida sohadagi mavjud ana shu muammo va kamchiliklarni bartaraf etish nazarda tutilgan boʻlib, unga koʻra, 2019 yilning 1 martidan boshlab qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini tadbirkorlik tavakkalchiligi asosida amalga oshirishga ruxsat beriladigan boʻldi. 

Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish bilan shugʻullanishni istagan yuridik va jismoniy shaxslarga yer qaʼri uchastkalari, shu jumladan, oʻlchamlari 1 gektardan ortiq boʻlmagan maydonda sochma oltin konlari taqdim etiladi. Buning uchun ular “E-IJRO AUKSION” maydonchasida oʻtkaziladigan elektron-auksion orqali olinadigan litsenziyaga ega boʻlishlari lozim. Tadbirkorlik subyektlariga ajratiladigan yer qaʼri uchastkalari roʻyxati esa har yili Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi taklifi asosida Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlab boriladi. 

Oʻzbekistonning Konsoy, Temirqobiq, Kattaich, Sop, Keskan, Oqchobsoy nomli konlarining 590 gektardan ortiq maydonlarida 3 ming kilogramdan ziyod oltin zahiralari hisobga olingan. Tadbirkorlik subyektlariga Navoiy, Samarqand va Jizzax viloyatlari hududlarida joylashgan Auminzatov, Tomdi, Nurota, Ziyovuddin va Malgʻuzor togʻ chizmalaridagi taxminan 75 yarim ming gektar maydondagi istiqbolli hududlarni taqdim etish koʻzda tutilgan. Bu hududlarda qimmatbaho metal, jumladan, oltin qazib olish bilan shugʻullanadigan tadbirkorlik subyektlari uchun uni realizatsiya qilish muhim masalalarda biri. Chunki tadbirkor birinchi galda daromad koʻrish haqida bosh qotiradi. Demak, uning qazib olgan oltinlarini sotib olish uchun xaridor kerak. Prezident qaroriga koʻra, xaridor vazifasini Navoiy va Olmaliq kon metallurgiya kombinatlari hamda zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish subyektlari bajaradi.

Qazilma ishlari bilan shugʻullanish bu oʻziga xos xavf-xatar ham demakdir. Shu sabab noqonuniy ravishda oltin qazish ishlari bilan shugʻullanayotganlar orasida turli shikastlanish holatlarining tez-tez uchrashi hisobga olinib, Prezident qarorida bu borada tadbirkorlik subyektlari uchun alohida majburiyat va talablar belgilab qoʻyildi.

Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tomonidan tez orada qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ishlab chiqiladi va unda qazib olish ishlariga jalb etiladigan tadbirkorlarga qoʻyiladigan tartib tamoyillar va yaratiladigan sharoitlar aniq belgilab beriladi. 

Qimmatbaho metallarni qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun toʻlangan pul mablagʻlarining maʼlum qismi oʻsha hududlardagi tuman va shaharlarning mahalliy byudjetlariga qoʻshimcha daromad manbai sifatida oʻtkazib boriladi. Bu esa joylarda infratuzilmani rivojlantirishga va aholi turmush sharoitlarini yaxshilashga xizmat qiladi. 

Eʼtirof etish lozim, Oʻzbekiston oltin zaxiralari boʻyicha jahonda 3-, qazib olish boʻyicha 9-oʻrinda turadi. Qimmatbaho metallarga boyligimiz iqtisodiyotni yanada ravnaq toptirishimizda qanot boʻladi. Qolavarsa, endilikda qazib olish faoliyati bilan shugʻullanuvchilarning koʻpayishi natijasida qimmatbaho metallar, xususan, oltin zahiralarimiz hajmi yanada oshadi, infratuzilma rivojlanmagan, togʻli hududlarda aholini ish bilan taʼminlash imkoniyatlari paydo boʻladi, zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish kengayadi. Demak, bitta hujjat bilan hamma tomonning manfaatlari taʼminlanadigan boʻldi. 

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Axborot-tahlil multimedia markazi bilan hamkorlikda tayyorlandi