English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qimmatbaho metallardan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish uchun 22 hududda erkin iqtisodiy zonalar tashkil qilingan
19:21 / 2022-03-24

Toshkent xalqaro forumining II seksiya yig‘ilishi doirasida «Qo‘shimcha qiymatga ega mahsulot ishlab chiqarishni rivojlantirish» mavzusidagi panel munozarasida shular hususida so‘z bordi. MDHdagi KPMG vakili Aleksandr Tarasenko moderatorlik qilgan munozara tadbirida O‘zbekistonda foydali qazilmalarni qazib olishdan qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlarni ishlab chiqarishga o‘tishning imkoniyatlari muhokama qilindi.

Ekologik muammolar va resurslarning cheklangani tarmoqqa qanday ta’sir qilishi, yangi konlarni ochish, mavjud bo‘lgan ishlab chiqarish samaradorligini oshirish uchun kapital va texnologiyalar jalb qilish uchun qanday strategiyalar ishlab chiqilayotgani ma’lum qilindi.

Ma’lumki, O‘zbekiston sanoatining ustuvor strategik tarmoqlaridan biri – foydali qazilmalar, xususan, mis, oltin, kumush, sink, fosfatlar, nodir tuproq metallari kaliyi va boshqa minerallarni qazib olishdir. Shu bois, munozara mavzusi ancha muhim deb topildi.

Mamlakatimizda qayta ishlash mahsulotlarining xilma-xil turlari keng assortimentda qazib olinadi va ishlab chiqariladi. Ko‘plab sektorlarning yuqori texnologik transformatsiyasi kelajakda ishlab chiqarish geografiyasi hamda qo‘shimcha qiymat jamlangan markazlar o‘zgarishiga olib keladi. Forum doirasida o‘tgan tadbirda ishlab chiqarish jarayoni avvalgiga nisbatan kamroq quvvat, material va mehnat talab qilishi, arzon ishchi kuchidan foydalanish qisqarishi kutilayotgani aytildi.

– O‘zbekiston tabiiy boyliklar ishlab chiqarishda yetakchi mamlakatlar qatoriga kiradi, – dedi O‘zbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Aziz Voitov. – Qimmatbaho metallardan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish uchun 22 hududda erkin iqtisodiy zonalar tashkil qilingan. Bu hududlarda istalgan xorijlik investorlar o‘z investitsiyalarini kiritishlari va imtiyozli sharoitlarda faoliyat olib borishlari mumkin.

Munozara davomida mavjud ishlab chiqarishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha choralarga to‘xtalib o‘tildi, shuningdek, amalga oshiriladigan loyihalar qisqacha ko‘rib chiqildi.

B.Xudoyberdiyev, O‘zA