2025 yil 18 aprelda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga zargarlik sanoatini yanada rivojlantirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi.
Zargarlik sohasida 600 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Ushbu korxonalarda 3 ming nafarga yaqin xodim mehnat qiladi. 2024 yilda zargarlik sohasida ishlab chiqarish hajmi 2,5 trillion so‘mni yoki 5 tonna oltin va 3 tonna kumushni tashkil etgan. Eksport hajmi 95 million dollarga yetkazilib, oldingi yilga nisbatan 20 foiz o‘sishga erishilgan.
– Zargarlik sohasida qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar, ulardan yasalgan zargarlik buyumlarining noqonuniy aylanmasi mavjudligi, tadbirkorlik sub’ektlariga mol-mulk va yer solig‘i imtiyozlarining yetarli emasligi va yana bir qator muammolar sohadagi salohiyatdan to‘laqonli foydalanish imkonini bermayapti, – dedi Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov. – Mavjud muammolarni bartaraf etish hamda davlatimiz rahbarining “Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish sohasini yanada rivojlantirish va ularning raqobatbardoshligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga zargarlik sanoatini yanada rivojlantirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.

Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Soliq kodekslariga, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi hamda “Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar to‘g‘risida”gi qonunlarga zargarlik sanoatini rivojlantirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Qayd etish lozimki, zargarlik sohasida 1,5 ming nafarga yaqin zargarlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi norasmiy tadbirkorlar mavjud. Faqatgina 2024 yilning o‘zida huquq-tartibot organlari tomonidan sohada 300 dan ortiq qonunbuzilish holatlari aniqlangan va tegishli choralar ko‘rilgan.
Shu bois, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar muomalasi va aylanmasi sohasidagi huquqbuzarliklar uchun jarima miqdori keskin oshirildi.
Qimmatbaho metallar va toshlardan yasalgan zargarlik buyumlarning noqonuniy aylanmasi, shuningdek, qalbaki, asillik darajasiga muvofiq bo‘lmagan zargarlik buyumlari sotilishiga yo‘l qo‘yganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravaridan ellik baravarigacha miqdorida jarima jazosi belgilandi.
Soliq kodeksiga kiritilgan normalarga muvofiq, “Hunarmand” uyushmasining a’zolariga berilgan soliq imtiyozlari 2027 yil 1 sentyabrga qadar “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasining a’zolari bo‘lgan zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
2027 yil 1 sentyabrga qadar “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasiga a’zo bo‘lgan zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik sub’ektlarining ishlab chiqarishda foydalaniladigan yer uchastkalari hamda ko‘chmas mulk ob’ektlari mol-mulk solig‘i va yer solig‘ini to‘lashdan ozod qilinadi.
Mazkur normaning ahamiyatli tomoni shundaki, “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasining a’zolari bo‘lgan 28 tadbirkorlik sub’ekti 2024-2027 yillarda mol-mulk va yer solig‘iga to‘lashlari lozim bo‘lgan 7 milliard so‘mdan ortiq pul mablag‘i tejaladi. Natijada ishlab chiqarish hajmi ko‘payib, 2025-2027 yillarda eksport hajmining oshishi va ish o‘rinlarining kengayishi hisobiga dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, byudjetga qo‘shimcha 95 milliard so‘m tushishi prognoz qilinmoqda.
“Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar to‘g‘risida”gi qonunga affinaj korxonalar (tarkibida qimmatbaho metall va toshlar bo‘lgan xom ashyo bilan ishlash faoliyatini litsenziya asosida amalga oshiruvchi korxonalar)ga qimmatbaho metallarni zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilar uchun qulay shakl va miqdorlarga keltirgan holda sotish hamda qimmatbaho metallardan suvenir tangalarni ishlab chiqarish va realizatsiya qilish huquqini belgilovchi norma kiritildi.
“Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunga yuridik va jismoniy shaxslardan qimmatbaho metallarni, shu jumladan, oltin izlovchilar usulida qazib olinadigan, zargarlik buyumlari va qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan boshqa buyumlar, ularning qoldiqlari va ishlab chiqarishdagi chiqindilarni sotib olish faoliyatini xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyat turlariga kiritilishini belgilovchi qo‘shimchalar kiritildi.
Qonun sohada qonuniylik ta’minlanishi, zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarni xom ashyo bilan ta’minlash yaxshilanishi, ishlab chiqarish rivojlanishi va eksport hajmi oshishiga xizmat qiladi. O‘z navbatida, aholining sifatli zargarlik mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoji qondiriladi, byudjetga tushumlar yanada ko‘payadi.
Norgul Abduraimova, O‘zA