Mamlakatimizda zargarlik sanoatini qo‘llab-quvvatlash, sohani mahalliy sanoatning asosiy drayverlaridan biriga aylantirish borasida qilingan ishlar natijasida mazkur sohadagi korxonalar soni 3 baravarga ortib, 627 taga yetdi. Hozirda ulardagi xodimlar soni 3 ming nafarga yaqinni tashkil etmoqda.
Bu Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga zargarlik sanoatini yanada rivojlantirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokamasi jarayonida qayd etildi.
– Yurtimizda zargarlik mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish uchun katta salohiyat mavjud, – dedi Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov. – Buni o‘tgan vaqt davomidagi natijalar orqali ham ko‘rishimiz mumkin. Jumladan, 2024 yilda zargarlik sohasida ishlab chiqarish hajmi 2,5 trillion so‘mni tashkil etib, 2023 yilga nisbatan 15 foiz o‘sgan. Mahsulotlarning eksporti esa 20 foizga ortgan. Biroq, zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarning qimmatbaho metallarga bo‘lgan talabini qondirish, ularning rivojlanishi uchun qulay biznes muhitini yaratish va qonunchilikda mavjud bo‘lgan byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish zaruriyati yuzaga kelmoqda.

Zargarlik sohasida qimmatbaho metallar va toshlar, ulardan yasalgan zargarlik buyumlarining noqonuniy aylanmasi mavjudligi, tadbirkorlik sub’ektlariga mol-mulk va yer solig‘idagi imtiyozlar yetarli emasligi va yana bir qator mavjud muammolar sohadagi salohiyatdan to‘laqonli foydalanish imkonini bermayapti.
Ushbu omillar inobatga olingan holda qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga va Soliq kodeksiga, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi hamda “Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar to‘g‘risida”gi qonunlarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar muomalasi va aylanmasi sohasidagi huquqbuzarliklar uchun jarima miqdorlari keskin oshirilmoqda.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda qimmatbaho metallar va toshlardan yasalgan zargarlik buyumlarning noqonuniy aylanmasini kamaytirish, shuningdek, qalbaki, asillik darajasiga muvofiq bo‘lmagan zargarlik buyumlari sotilishiga barham berish maqsadida ushbu sohadagi huquqbuzarlik sodir etganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravaridan ellik baravarigacha jarimalar nazarda tutilmoqda.
Soliq kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartirishlarga asosan “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasining a’zolari bo‘lgan zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan 2027 yil 1 sentyabrga qadar soliq imtiyozlari tatbiq etilmoqda.
Senatorlar ma’qullagan qonun zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarni xomashyo bilan ta’minlashni yaxshilash, ularning eksport salohiyatini oshirish, soha korxonalarining ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanishni ta’minlash, shuningdek, aholining sifatli zargarlik mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qanoatlantirish hamda respublika byudjetiga chet el valyutasi va soliq tushumlarining ko‘payishiga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA