Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qilichbozlikni ommalashtirish yo‘lida
20:17 / 2017-09-08

Mamlakatimizda sportning ko‘plab turlari qatori Olimpiya o‘yinlari dasturidan joy olgan qilichbozlik ham jadal rivojlanmoqda.

Mamlakatimizda sportning ko‘plab turlari qatori Olimpiya o‘yinlari dasturidan joy olgan qilichbozlik ham jadal rivojlanmoqda.

Prezidentimizning 2017-yil 9-martdagi O‘zbekiston sportchilarini 2020-yil Tokio shahrida (Yaponiya) bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlashga oid qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, yurtimizda qilichbozlikning barcha yo‘nalishlarini yoshlar o‘rtasida keng ommalashtirish, sportchilarning mashg‘ulotini samarali tashkil etish, ularning respublika va xalqaro musobaqalarga puxta tayyorlanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi tomonidan qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Federatsiyadan ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda joriy yil sentabr oyidan Toshkent shahridagi “Umid” sport majmuasining sport zalida qilichbozlikning shpaga yo‘nalishi o‘z faoliyatini boshlagan. Mazkur yo‘nalish bo‘yicha sakkiz murabbiy yuzdan ziyod sportchi bilan mashg‘ulot olib boradi. Zalda mashg‘ulotlarni yuqori saviyada tashkil etish uchun barcha sharoit yaratilgan. Zamonaviy qilichbozlik yo‘lakchalari, elektrofiksator, xalqaro talablarga javob beradigan sport jihozlari bilan ta’minlangan. Murabbiylar xonasi, yuvinish, kiyim almashtirish xonalarida ham barcha qulayliklar yaratilgan.

Shuningdek, Nukus shahrida qilichbozlikka ixtisoslashgan “Aydinjol” nomli yangi, zamonaviy sport majmuasi qurib foydalanishga topshirildi.

Federatsiyaning Xorazm viloyati bo‘limiga Olimpiya zaxiralari kollejining maxsus sport zali ajratilgani qilichbozlikka qiziquvchi yoshlar uchun katta sovg‘a bo‘ldi. Zal zamonaviy talablar asosida to‘rtta qilichbozlik yo‘lakchalari, sport jihozlari bilan ta’minlandi. Yuvinish, kiyim almashtirish xonalari ham yoshlar ixtiyorida.

O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi tomonidan mazkur sport turi bilan shug‘ullanuvchi yoshlar uchun yaratilayotgan bunday imkoniyatlar kelgusida o‘z natijasini ko‘rsatib, sportchilarimiz qit’a va jahon chempionatlarida, Olimpiya o‘yinlarida yuqori natijalarga erishishiga xizmat qiladi.