Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qilichbozlik: Saralash tizimining samarasi natijalarda aks etdi
09:06 / 2023-03-10

Toshkentda qilichbozlik bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida poyoniga yetgan qit’a chempionatida mamlakatimiz sportchilari umumiy hisobda 9 ta oltin, 3 ta kumush va 4 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Shundan o‘smirlar terma jamoamiz 3 ta oltin va 1 ta bronza medali bilan umumjamoada Janubiy Koreyadan keyin ikkinchi, yoshlarimiz esa 6 ta oltin, 3 ta kumush va 3 ta bronza medali bilan 38 ta davlat orasida birinchi o‘rinni egalladi.

Chempionatning so‘nggi kunida yosh qizlar sablya va shpaga, yigitlar rapira yo‘nalishida jamoaviy musobaqalarda kuch sinashdi. E’tiborlisi, barcha yo‘nalishlarda hamyurtlarimiz finalga qadar bahslarni mag‘lubiyatsiz yakunladi.  

Murosasiz janglarda qizlarimiz har ikki yo‘nalishda oltin medallarni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, gonkonglik raqiblariga imkoniyatni boy bergan yigitlarimiz kumush medallarga ega chiqdi.  

Qizlar o‘rtasidagi sablya musobaqalarida hamyurtlarimizdan keyingi o‘rinlar Janubiy Koreya va Yaponiya jamoasiga, shpagada keyingi pog‘onalar Xitoy va Yaponiya vakillariga nasib etdi.  

Yigitlar o‘rtasidagi rapira janglarida Gonkong qilichbozlari shohsupaning eng yuqorisidan, hamyurtlarimiz hamda Xitoy sportchilari keyingi o‘rinlardan joy oldi.  

Yurtimizda bir hafta davom etgan mazkur musobaqa mamlakatimizda qilichbozlik sportida o‘nlab iqtidorli yoshlar bo‘y ko‘rsatib kelayotganidan dalolat.  

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA