Ayni kunlarda Toshkentda qilichbozlik bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati bo‘lib o‘tmoqda.
Bugungacha o‘smirlar toifasidagi bellashuvlar yakunlanib, natijalar sarhisob qilindi.
E’tiborlisi, o‘smirlar o‘rtasidagi murosasiz bahslarda iste’dodli sportchilarimiz 6 ta oltin, 4 ta kumush va 2 ta bronza medallari bilan umumjamoa hisobida yakka peshqadamlikka erishdi. 2-o‘rin 4 ta oltin, 1 ta kumush va 5 ta bronza medaliga ega chiqqan Gonkong jamoasiga, 3-o‘rin esa 2 tadan oltin va bronza medallarini jamg‘argan Qozog‘iston vakillariga nasib etdi.
Ta’kidlash lozimki, ushbu yosh toifasidagi qilichbozlarimizning aksariyati 2025 yili Toshkentda yoshlar o‘rtasida o‘tadigan Osiyo o‘yinlari va Los-Anjeles-2028 olimpiya o‘yinlariga asosiy nomzod sportchilar sanalishadi.
Bugun, 28 fevraldan e’tiboran Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti sport majmuasida 20 yoshgacha bo‘lgan qilichbozlar o‘rtasidagi qit’a chempionati bahslari boshlandi.
Yigirmaga yaqin mamlakatlarning eng sara «mushketyor»lari qatnashayotgan mazkur chempionat 4-martga qadar davom etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA