Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qilichbozlik bo‘yicha Osiyo kubogida navbatdagi g‘oliblar aniqlandi
09:43 / 2025-09-11

Toshkent shahrida qilichbozlik bo‘yicha kadetlar o‘rtasida Osiyo kubogi o‘tkazilmoqda. Unda 11 mamlakatdan kelgan 207 nafar qilichbozlar raqobatlashmoqda. Musobaqaning ilk kunida ishtirokchilar sablya hamda rapira qurolida o‘z omadlarini sinovdan o‘tkazdi.

Yigitlar o‘rtasida rapira bellashuvlarida Ali Al-Busaidi (Ummon), Cheong Pak Kio (Makao), Yevgeniy Tokanov (Qozog‘iston) va Mansur Yesteu (Qozog‘iston) shohsupaga ko‘tarildi. Qizlar orasida esa hamyurtimiz Sabina Adasheva barcha raqiblarini orta qoldirgan holda oltin medalga sazovor bo‘ldi. Singapurlik Vong Angellina Yan kumush, qozog‘istonlik Alua Mukanova hamda yosh qilichbozimiz Muslima Husanova bronza medali bilan taqdirlandi.

O‘g‘il bolalardan iborat jamoaviy bellashuvlarda Qozog‘iston, Makao, O‘zbekiston va Iroq terma jamoalari g‘olib va sovrindor bo‘lishdi.

Sablya bellashuvlarida esa hamyurtlarimiz Salima Ro‘ziyeva va Bibiaysha Husanboyeva final bosqichida kuch sinashdi. Mazkur bahsda  Salima g‘olib bo‘ldi va oltin medalni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Nailya Isxakova (Qozog‘iston), Perizat Mauinbergenova (O‘zbekiston) bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Sablya bo‘yicha jamoaviy bellashuvlarda O‘zbekiston terma jamoasi birinchi o‘rindan joy olgan bo‘lsa, Qozog‘iston termasi ikkinchi bo‘ldi. Shuningdek, Qozog‘iston va O‘zbekistonning ikkinchi jamoasi shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy oldi.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA