Qilichbozlarimiz Osiyo chempionatida 13 ta medalni qo‘lga kiritdi
Bahrayn poytaxti Manama shahrida 16-25-fevral kunlari qilichbozlik bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida Osiyo chempionati bo‘lib o‘tdi. Mazkur qit’a chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi 5 ta oltin, 1 ta kumush va 7 ta bronza, jami 13 ta medalga sazovor bo‘ldi.
Yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan bahslarda 3 ta oltin va 5 ta bronza medalini jamg‘argan qilichbozlarimiz umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egalladi. O‘smirlarimiz esa 2 tadan oltin va bronza hamda 1 ta kumush medallari bilan umumjamoa hisobida to‘rtinchi pog‘onadan joy oldi.
Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, musobaqaning yakkalik bahslari sablya yo‘nalishida Osiyo chempioni bo‘lgan Alpamis Urakbayev, Musa Aymuratov va Nargiza Jaksibayeva kabi iste’dodli qilichbozlarimizning erishgan muvaffaqiyati qit’a mutaxassislari tomonidan yuqori baholandi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA