Mamlakatimiz qilichbozlari shu kunlarda Kosta-Rika, Eron hamda Qozog‘istonning Almati shahrida o‘tayotgan nufuzli musobaqalarda yurtimiz sharafini himoya qilmoqda.
Kosta-Rikaning San-Xoseda shahrida shpagachi qizlarimiz barcha raqiblarini mag‘lub etib, jahon kubogi bosqichida oltin medallarni qo‘lga kiritdi. Musobaqaning yakkalik bellashuvlarida Shahzoda Egamberdiyeva kumush, Dilnoz Murtazayeva esa bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Eronning Tehron shahrida erkaklar o‘rtasidagi sablya bahslarida Zuhriddin Qodirov 3-o‘ringa musharraf bo‘ldi. 1 va 2-o‘rinlar Janubiy Koreya hamda Turkiya sportchilariga nasib etdi.
Eslatib o‘tamiz, Zuhriddin joriy yil aprel oyida Birlashgan Arab Amirligida 17 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritgan edi.
Qozog‘istonda kechgan bellashuvlarda sablyachi qizlarimiz finalgacha yetib bordi. Oltin medal uchun bahsda vakillarimizga biroz omad yetishmadi va kumush medal bilan kifoyalandi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA