Bolgariya va Xorvatiya mamlakatlarida qilichbozlikning sablya hamda rapira yo‘nalishi bo‘yicha yoshlar o‘rtasida jahon kubogi tashkil etildi.
Bolgariyaning Plovdiv shahrida yoshlar o‘rtasidagi jahon kubogida dunyoning 20ga yaqin mamlakatidan kelgan qilichbozlar sablya yo‘nalishida bahslashdi. Yakkalik bellashuvlarda Zuhriddin Qodirov kumush, Samira Shokirova esa bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Jamoaviy bahslarda qizlar terma jamoamiz yarim finalda Italiya termasini, so‘nggi hal qiluvchi final bellashuvida esa Fransiyani yengdi va yakunda oltin medal bilan birgalikda jahon kubogini ham qo‘lga kiritdi. Mazkur yo‘nalishdagi o‘g‘il bolalar orasida terma jamoamiz bronza medali bilan taqdirlandi.
Xorvatiyaning Zagreb shahrida qilichbozlikning rapira turi bo‘yicha o‘tgan jahon kubogida erkaklar terma jamoamiz bronza medalini qo‘lga kiritdi. Jamoaviy bahslarning bronza medali uchun o‘tgan bellashuvda vakillarimiz Gonkongni yengdi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA