Shu kunlarda BAA, Fransiya va Tunis mamlakatlarida qilichbozlikning turli yo‘nalishlari bo‘yicha jahon kubogi bosqichlari o‘tkazilmoqda. Quvonarlisi, ushbu nufuzli musobaqalarda mamlakatimiz qilichbozlari ham qatnashmoqda.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, kuni kecha BAAda qilichbozlikning shpaga yo‘nalishi bo‘yicha boshlangan turnirda dunyoning 43 davlatidan 221 nafar sportchi ishtirok etmoqda. Mazkur musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi safida Meyirxan Timurov, Javohir Nurmatov, Ahmad Fayziyev, Nurmuhammad Mo‘minov, Dilnaz Murzatayeva, Malika Hakimova, Sevara Rahimova hamda Shahzoda Egamberdiyeva bahslashmoqda. Ayni damda musobaqada yakkalik bahslari bo‘yicha bellashuvlar o‘tayotir.

Tunis mezbonligidagi sablya bo‘yicha Gran-pri musobaqasi bugun start oladi. 11 yanvar kuniga qadar davom etadigan ushbu musobaqada 30 davlatdan kelgan 340 nafarga yaqin qilichboz qatori Islom Abdazov, Musa Aymuratov, Sardor Abdukarimbekov, Zuhriddin Qodirov, Alpomish O‘roqboyev, Zaynab Dayibekova, Fernanda Errera, Gulistan Perdibayeva, Samira Shokirova hamda Nargiza Jaksibayeva kabi sportchilarimiz medallar uchun bellashadi.
Shuningdek, bugun Fransiyada rapira bo‘yicha jahon kubogi bosqichi bo‘lib o‘tadi. Unda Ilyas Molina, Ahmadilloxon Solixo‘jiyev, Radmir Semeneyev va Ulug‘bek Usmonovdan iborat terma jamoamiz ishtirok etadi. Darvoqe, musobaqada jami 60 mamlakatdan tashrif buyurgan 328 qilichboz yakkalik va juftlik bahslarida qatnashadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA