Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qidiruvdagi shaxs Toshkent viloyati IIBB YHXB binosida qo‘lga olindi
15:53 / 2021-04-18

Samarqand viloyatining Payariq tumanida tug‘ilgan, hozirda Toshkent viloyatining Qibray tumanida yashovchi, 1982 yilda tug‘ilgan fuqaro Z.Ya. odamlar ishonchiga kirishga, o‘zining yolg‘onlari bilan ularni chuv tushirishga ustasi farang bo‘lib ketgan.

U o‘ziga shu darajada ishonib, manmanlikka berilib ketganidan ehtiyot bo‘lishni unutdi. Navbatdagi jabrdiydani chuv tushirib, uni aldab, birga spirtli ichimlik iste’mol qilganidan so‘ng transport vositasini boshqardi. Lekin, YPX xodimlari uning soxta do‘qlariga, yuqori mansabdagi tashishlari bilan qo‘rqitishlariga parvo ham qilmadi. Shunday qilib firibgar birinchi marta “sindi”. Sud uni ma’lum muddatga haydovchilik huquqidan mahrum qildi.

Har qanday odam bundan keyin o‘ziga tegishli xulosa chiqarishi kerak edi. Ammo Z.Ya. bunday qilmadi. Yashash joyi atrofida firibgarligi ish bermay qolgach, o‘zi tug‘ilgan Samarqand viloyatiga yo‘l oldi. Bu yerda ham birin-ketin soddadil kishilarni domiga ilintira boshladi.

Ishtahasi ochilib, kattaroq firibgarliklarga qo‘l urdi. Ammo, odamlar aldanib qolaverishmaydi, ular IIBga ariza bilan murojaat qildi. Qonunbuzarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli bandida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etgani uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bundan xabar topgan firibgan juftakni rostlab qoladi.

Bu orada uning haydash huquqidan mahrum qilingan vaqti tugaydi. Qibrayga qaytib kelgach u haydovchilik guvohnomasini qaytarib olish maqsadida Toshkent viloyati IIBB YHXBning ro‘yhatlash va imtihon olish bo‘limiga keladi. Arizalarni rasmiylashtirish uchun hujjatlarini Davlat YHXX inspektori, serjant Sh.Qosimovga taqdim etgan Z.Ya. hozirda zamonaviy, innovatsion texnologiyalar yordamida qidiruv ishlari olib borilishini bilmay qoladi va shu yerda “qopqon”ga tushadi.

Xodimlar tezda Samarqand viloyatidagi hamkasblari bilan bog‘lanadi. Z.Ya.ni esa viloyat IIBBga topshirishadi. Endi u Samarqand viloyatida sodir etgan jinoyatlari uchun javob beradi.

A. Musayev, O‘zA