Jamiyatning muhim bo‘g‘ini hisoblangan oilalarning buzilib, ota-onalarning ajralib ketishlari har qanday jamiyatda kuzatilishi mumkin. Voyaga yetmagan farzandini moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlagan otani esa hech bir jamiyat oqlamaydi.
Ayol yolg‘iz boshi bilan bola tarbiyasi, yeb-ichishi, kiyim-kechagi, kasal bo‘lsa, dori-darmoni masalasida qayg‘ursa-yu, nega ota yashirinib yurishi kerak?! Qani otalik mas’uliyati va erkaklik g‘ururi? Endi aliment pullarini o‘z vaqtida ololmay yurgan ayol holatini ko‘z oldingizga keltirib ko‘ring.
Sud qaroriga asosan voyaga yetmagan farzandi moddiy ta’minoti uchun otalardan aliment undirish belgilangan bo‘lsa-da, ayrimlar aliment to‘lamaslik uchun byuro organlaridan yashirinishga urinmoqda. Shunday hollarda davlat ijrochisining qaroriga asosan qarzdor otaga nisbatan qidiruv e’lon qilinadi.
Asosiy maqsad aliment to‘lashdan bo‘yin tovlayotgan qidiruvdagi qarzdorning qayerdaligini aniqlash, topish va aliment qarzini undirish yoki javobgarlik masalasini sud orqali hal qilishdir. Qidiruv harakatlari dastlab qarzdorning oxirgi yashash joyida olib boriladi va keyinchalik qidiruv hududi kengaytiriladi.
Dom daraksiz yo‘qolgan qidiruvdagi shaxsning qayerdaligini aniqlash, topish va aliment qarzini undirish yoki javobgarlik masalasini hal qilish uchun qancha vaqt va mehnat sarflanadi?!
Byuroning Buxoro viloyati boshqarmasi qidiruv sho‘’basi xodimlari tomonidan mazkur yo‘nalishda muayyan ishlar qilinmoqda.
Jumladan, joriy yilning may oyida 269 nafar qarzdor shaxsga nisbatan qidiruv tadbirlari olib borilgan. Byuro xodimlari tomonidan Toshkent shahrida o‘tkazilgan qidiruv tadbirlari davomida esa 6 nafar qidiruvdagi qarzdor topilgan.
Ularga nisbatan to‘plangan ma’muriy ish hujjatlari sudda onlayn tartibda ko‘rilib, 4 nafar qarzdor alimentni to‘lashdan bo‘yin tovlagani sababli 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan bo‘lsa, 2 nafar qarzdor alimentni sud jarayonida to‘lab berganligi sababli ma’muriy ish hujjatlari sud tomonidan tugatilgan. Misol uchun, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Karmana tumanlararo sudining ijro hujjatiga asosan qarzdor M.Safarovdan undiruvchi N.Safarova foydasiga 2 nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish belgilangan.
Ijro harakatlari davomida M.Safarov alimentni to‘lamaslik maqsadida byuro organlaridan yashiringani sababli unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan. Olib borilgan qidiruv tadbirlari davomida qarzdor Toshkent shahrida yashirinib yurgani haqida ma’lumot olingan va joriy yilning 26 may kuni Toshkent shahar Yunusobod tumani hududida aniqlanib, ushlangan.
U aliment to‘lovidan bo‘lgan 180 mln.dan ortiq qarzini to‘lashdan bo‘yin tovlagani bois shu kunning o‘zida Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi binosida Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tuman sudi tomonidan videokonferens-aloqa rejimida ochiq sud majlisida ko‘rib chiqilgan. Mazkur sud qarori bilan qarzdor M.Safarovga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlanib, sud zalida qamoqqa olingan va jazoni o‘tash uchun maxsus muassasaga joylashtirilgan.
O‘zA