Toshkent viloyati Qibray tumanida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari, savdo nuqtalari peshlavhalari O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni va Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 fevraldagi “Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida”gi qarori talablariga muvofiqligi o‘rganildi.
Unda Toshkent viloyati hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi bo‘yicha maslahatchisi Sarvar Fayzullayev, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi Toshkent viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari Abdurashid To‘ychiyev hamda Qibray tuman hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi bo‘yicha maslahatchisi Abdulla Ergashev ishtirokida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida tadbirkorlarga yuqoridagi qonun-hujjatlari talablari tushuntirildi.
O‘tkazilgan reyd natijasida, qonun hujjatlari me’yorlariga to‘g‘ri kelmaydigan 50 dan ortiq e’lonlar, reklama vositalari olib tashlandi. Zudlik bilan olib tashlanishi imkoni bo‘lmaydigan peshlavhalar qisqa muddatlarda olib tashlanishi kerakligi to‘g‘risida tadbirkorlarga ogohlantirish xatlari berildi.
Mutaxassislarning ma’lumotiga ko‘ra, Toshkent viloyatida so‘nggi olti oyda almashtirilishi kerak bo‘lgan reklama ob’ektlari 2 ming 640 tani tashkil qilgan. Undan shu kungacha olib borilgan tushuntirish va targ‘ibot natijasida 1 ming 440 tasi davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlari me’yorlariga moslashtirilgan.
Joylarda mazkur o‘rganishlar davom etmoqda.
A.Musayev, O‘zA