O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga Toshkent viloyatining Qibray tumani Guliston hamda Parvoz mahallalari fuqarolari tomonidan murojaat yo‘llandi. O‘zA jamoasi mazkur murojaat yuzasidan Guliston mahallasida bo‘ldi.
“Guliston” deganda kishi ko‘z o‘ngida saranjom, sarishta, ozoda va obod maskan gavdalanadi. Mazkur mahallani kuzatar ekanmiz negadir bu tuyg‘uni his etmadik. Yana bir jihati mahalla idorasiga bormaguningizcha uning nomi “Guliston” ekanini bilmaysiz. Chunki mahalla nomi yozilgan hech qanday peshtaxta yoki lavhani ko‘rmaysiz. Keyin bilsak bu mahallaga hatto bir necha oylardan buyon rais ham saylanmagan ekan.
Mahalla chekkasidagi eski, almisoqdan qolgan transformator esa aholining bir necha yildan buyon hal bo‘lmayotgan eng katta muammolaridan biri ekan. Bu masalaga hech bir mas’ul davrida yechim topilmagan. Ayniqsa, kuz-qish davrida odamlar ushbu yaroqsiz transformatorning “nag‘ma”laridan ya’ni mahallada tinimsiz chiroq o‘chishidan bezib qolgan. Ichidagi simlari erib, bir-biriga nomuvofiq ulab qo‘yilgan transformatorni yangilab berishni so‘rab, fuqarolarning murojaat qilmagan joylari qolmagan. Mas’ullar esa ichi to‘kilib ado bo‘lgan, xizmatini allaqachon bajarib bo‘lgan bu “matoh”dan hali yana ancha umid qilayotgandek biror chora ko‘rmagan...
Bundan tashqari, Guliston mahallasidagi salkam bir kilometrga yaqin ikkita ichki ko‘cha juda ta’mirtalab ahvolda. Aholi ilk marotaba bu hududga ko‘chib kelgan vaqtda ham yo‘laklar mana shunday asfaltsiz holatda bo‘lganini eslaydi. Ularning aytishicha, tuman hokimligiga bir necha bor tayinlovlar amalga oshirilgan, ammo biron bir hokim kelib ushbu mahallaning ahvolidan xabar olmagan, muammolariga quloq tutmagan.
– Yo‘laklarning narigi qismi avvalgi hokim davrida ta’mirlanib, shu ikkita ichki tor ko‘chaga kelganda ish chala holda qoldirib ketildi. Ta’mirlangan joylarini ish yakuniga yetdi qabilida videotasvirga oldi, shekilli shu bilan ish chala qolib ketdi... , – deydi hudud fuqarolaridan biri.
Xo‘sh, aslida mahalla ko‘chalari uchun qancha mablag‘ ajratilgan edi? Ta’mir smetasi qachon, qaysi hokim davrida qanday tuzilgan? Nega aynan bu ikki ko‘cha ta’mirsiz qoldirib ketildi?
Balki o‘sha paytlari “Ochiq budjet” dasturi bo‘lmagan bo‘lsada, fuqarolar tumanda tinimsiz almashgan hokimlarning har biriga ushbu ichki yo‘l bilan bog‘liq muammo borasida murojaat qilganliklarini aytadi. Bugun esa hanuzgacha sansolar bo‘lib kelayotgan bu o‘ydim-chuqur yo‘llarga mas’ullar “Ochiq budjet” dasturi dasturiga kiritilib, ovoz to‘play olmagan muammo sifatida qaramoqda. Aniqrog‘i, muammoning yechimsiz qolayotganiga aholining o‘zi aybdor bo‘lib qolmoqda. Gulistonliklar esa ushbu dasturga qo‘yilgan masalaga ovoz berish uchun mahallada aholi soni yetarli emasligi, borlari ham maktabga yoki boshqa masalaga ovoz berib qo‘yganligi uchun qayta ovoz berish imkoni yo‘qligiga kuyinmoqda.
Bizgacha yetib kelgan ma’lumotlarga ko‘ra esa aholiga yetarlicha ovoz to‘plash uchun qo‘shimcha uyali aloqa sim-kartasini sotib olib, ovoz berish mumkinligi, bitta sim-karta sotib olinsa, yana bitta sim-karta tekinga berilishi, shu orqali yetmagan ovozlar to‘ldirilishi mumkinligi “o‘rgatilmoqda” ekan.
Galdagi muammo – Guliston mahallasiga kirishingiz bilan dimog‘ingizga urilgan qo‘lansa hid. Ko‘chadagi chiqindilarga to‘lib borayotgan ariq yoqalarida bo‘y baravar o‘t-o‘lanlar g‘ovlab yotibdi. Balchiq hididan nafas olishda qiynalib, aholi ikki hissa jabr ko‘rmoqda. Sababi ariqlarda suv ketmay qolgan. Mahalla aholisi uchun shu kunga qadar hatto maxsustrans xizmati ham biriktirilmagan. Shuning uchunmi aholi bu xizmatning vazifasi nima, u qanday ishlashi haqida hatto ma’lumotga ega emas. Kelganida allaqaysi xususiy shirkat vakillariga bir qopi uchun 5 ming so‘m to‘lab chiqindilarini berib yuborishlari, kelmaganida esa chiqindilar darvozalari oldida to‘planib qolayotganini aytishadi.
Fuqarolarni qiynab kelayotgan yana bir muammo mahalla ko‘chalaridagi yoritish tizimining uzoq vaqtdan buyon ishlamay kelayotgani ekan. Ya’ni tunda ko‘cha zimistonga aylanadi. Shu kabi sanoqsiz muammolar girdobida yashab kelayotgan chorasiz aholi mutasaddilardan yordam so‘ramoqda.
Muammolar yuzasidan Qibray tumani hokimligi matbuot kotibi bilan bog‘landik. Bir ozdan so‘ng biz turgan manzilga tuman hokimining “Guliston” MFYdagi yordamchisi Ulug‘bek Zufarov yetib keldi va ayrim muammolar haqida tuman hokimiga ma’lum qilishini aytdi. Yo‘l ta’miri masalasini esa “Ochiq budjet” dasturiga kiritish orqali hal qilish mumkinligini ta’kidladi.
Aholi hokim o‘rinbosariga yangi hokim kelganidan buyon bu mahallada hech qanday o‘zgarish bo‘lmagani, hatto ular qatnayotgan poliklinikada ham mutaxassislar yetishmasligini, bir necha chaqirim naridagi tibbiyot birlashmasiga qatnashga majbur bo‘layotganliklarini aytdi.
“Bosh shifokordan buning sababini so‘rasak, aholi soni 9 ming nafar, qachonki 10 mingga yetsa, keyin tor doiradagi mutaxassislar beriladi”, dedi.
“Qachonki, aholi soni belgilangan me’yorga yetsagina mutaxassislar ajratiladimi?” - dedi fuqarolardan biri.
“Homilador, emizikli ayollar, nogironligi bo‘lgan va yoshi ulug‘ insonlar qiynalmoqda. Qachon bormaylik, faqat bitta shifokor kutib oladi”, -deydi yana bir aholi vakili.
Mazkur holatlar yuzasidan ma’lumot olish maqsadida biz Qibray tumanida joylashgan “Guliston” oilaviy shifokorlik punkti mudiri B.Shoakbarov bilan bog‘landik.
Uning ma’lumot berishicha, “Guliston” hamda “Parvoz” MFYlarga qarashli OSHP ilgari QVA (Qishloq vrachlik ambulatoriyasi) bo‘lgan. Keyin QVP (Qishloq vrachlik punkti)ga aylantirilgan. Ammo nomi o‘zgargani bilan strukturasi o‘zgarmagan. Keyinchalik, QOP (Qishloq oilaviy poliklinikasi) sifatida qayta nomlangan. Bir oz vaqt o‘tib, QVP sifatida qayta tashkil etilgan. Hozirgi kunda esa QVP yana OSHP (Oilaviy shifokorlik punkti) sifatida qayta nomlangan bo‘lib, fuqarolarga xizmat qilib kelmoqda.
“Tor doiradagi mutaxassislar shtatlari oilaviy poliklinikalarda tashkil etilgan. Bizda, ya’ni OSHPda esa faqat umumiy amaliyot shifokori o‘tiradi. Biz o‘zimiz bitta xonani ochib, to‘rtta koyka qo‘yib qo‘yganmiz. Har kuni bemorlar kelib muolajasini olib turishadi. Bizda kunduzgi shifoxona ham yo‘q. Shuning uchun ko‘p hollarda bemorlarni ambulator kartasi va yo‘llanma bilan o‘zimizdan 5-6 kilometr uzoqlikda joylashgan poliklinikaga yuboramiz. Markaziy tibbiyot birlashmasigacha bo‘lgan masofa taxminan 23-24 kilometrni tashkil qiladi. Okulist, terapevt, teri tanosil, kardiolog, mutaxassislari kerak bo‘lsa, aholini u yoqqa yuboramiz. Shifokorga, hamshira uchun shtat ajratilmagan. OP bilan OSHPdagi sharoitlarni taqqoslayotgan aholida aynan shuning uchun norozilik yuzaga kelmoqda”, – deydi oilaviy shifokorlik punkti mudiri B.Shoakbarov.
MA’LUMOT UCHUN, birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini tashkil etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli (25.04.2022 yildagi PQ-215-sonli) qaroriga ko‘ra, oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining asoslangan takliflari asosida (Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishgan holda) mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan tashkil qilinadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/GB_qQ-4MKN4" title="Qibray tumani: mahallaning "Ochiq budjet" (Open budget) ortidagi muammolari" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Hududlarda oilaviy shifokor punktlari tarmog‘ini yanada kengaytirish uchun esa 2023 yil 1 yanvardan boshlab joylardagi oilaviy poliklinika filiallari negizida oilaviy shifokor punktlari tashkil etilishi belgilangan. Oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinika va tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida kunduzgi statsionar ish vaqti soat 20:00 ga qadar uzaytirilib, ularda ishlovchi tibbiyot xodimlari uchun 2022 yil 1 iyundan boshlab qo‘shimcha ustama haqi belgilangan.
B.Shoakbarov (OSHP mudiri)ning ma’lumot berishicha, Parvoz mahallasidan OSHPgacha bo‘lgan masofa taxminan 2 kilometr, poliklinika “Guliston” MFYning o‘zida joylashganligi bois aholi bilan o‘rtasidagi masofa taxminan 500 metrni tashkil etadi. Poliklinikaga eng uzoq bo‘lgan hudud taxminan 3 kilometrni tashkil etadi. Ikki mahalla aholisining umumiy soni esa hozirgi kunda 9389 nafarni tashkil qilmoqda.
OSHP mudiri o‘zi aytayotgan og‘zaki ma’lumotlarni tasdiqlaydigan biron-bir hujjatni bizga taqdim eta olmadi. Shuningdek, mazkur MFYlar uchun Oilaviy poliklinika tashkil etish uchun aholi soni qancha bo‘lishi kerakligi haqida ham bir nima deya olmadi. Bunga oid me’yoriy hujjatlarda esa aholi soni bo‘yicha keltirib o‘tilgan aniq talablarga ko‘zimiz tushmadi. Ammo nega lozim shifokorlar bilan ta’minlashlarini talab qilayotgan aholiga ular soni ko‘payishi lozimligi tushuntirilayotgani ajablanarli.
O‘zA so‘roviga javoban tegishli tashkilotlarning biri uzatgan ma’lumotlarda ushbu ikkita mahalla aholisining soni 9200 nafar ekanligi qayd etilgan. Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan olingan ma’lumotda esa mutlaqo boshqa raqamlar, ushbu ikki mahalla aholisining soni 7722 nafarligi keltirib o‘tilgan.
Joriy yilning o‘zida ushbu uchta tashkilot tomonidan berilayotgan ma’lumotlar xilma-xilligi esa alohida tekshirish talab etiladigan masala... Taxminimiz aholi soni qancha kamaytirib ko‘rsatilsa, lozim shifokorlar shtatlari jamlangan OPni tashkil etish masalasi shuncha ortga chekinsa kerak.
Davlat statistika qo‘mitasining hisob-kitobicha, Qibray tumani aholisining umumiy soni 2022 yil 172 ming 234 nafarni, joriy yilning dastlabki 6 oyida esa 174 ming 56 nafarni tashkil qilgan. Biroq, afsuski, Qo‘mita ma’lumotlarida mahallalardagi aholining hisobi yuritilmas ekan.
Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent viloyati Qibray tumanidagi “Guliston” mahalla fuqarolar yig‘ini “Chimkent yo‘li” 63-A manzili bo‘yicha xizmat ko‘rsatib kelayotgan “Guliston” OSHP 1978 yilda tashkil etilgan. 2022 yil 31 avgustda kelishilgan, tasdiqlangan, ro‘yxatdan o‘tgan uch tomonlama vazirliklar shtatlar jadvaliga asosan oilaviy shifokor poliklinikalarga tor soha mutaxassislar ajratilmagan. Hozirgi kunda poliklinika “Guliston” va “Parvoz” mahalla fuqarolar yig‘inlariga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. OSHPda bugungi kunda 4,25 stavkadagi umumiy amaliyot shifokorlar, 22 nafar o‘rta tibbiyot xodimi, 2,25 stavkada farrosh xizmat ko‘rsatadi.
Murojaatda esa aholi hech bo‘lmaganda ushbu ro‘yxatdagi xodimlarni ham uchratmayotganliklarini aytmoqda. Qolaversa, Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi bergan ma’lumotga tayangan taqdirimizda ham aholi soni 7 ming 722 nafar bo‘lsa, OSHPdagi birgina umumiy amaliyot shifokorining shuncha sonli fuqarolar talabiga javob bera olmayotganligini ko‘rib turibmiz.
Vaziyat Qibray tumanidagi Guliston hamda Parvoz mahallasi aholisi biriktirilgan OSHPni OPga aylantirish va lozim shtatlar bilan ta’minlashni taqozo etmayaptimikan?!
M.Eshmirzayeva, F. Jo‘rayev (video), O‘zA