French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qibray tumani aholisiga 2021 yilda 77 mingdan ziyod davlat xizmatlari ko‘rsatildi
15:09 / 2022-01-20

Fotoreportaj

So‘nggi yillarda davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimi bosqichma-bosqich isloh qilinib, yurtimizda qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini yaratish, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish hamda davlat xizmatlari ko‘rsatish sifatini tubdan yaxshilash borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Qisqa fursatda 70 dan ziyod davlat xizmatlari soddalashtirilib, xizmatlarni ko‘rsatish muddati va talab etiladigan hujjatlar soni o‘rtacha ikki barobarga qisqartirildi. 

Toshkent viloyati Qibray tumanida 220 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Aholining davlat xizmatlariga bo‘lgan ehtiyoji hisobga olingan holda  2020 yilning dekabr oyida tuman Davlat xizmatlari markazi uchun yangi bino qurilib, foydalanishga topshirilgan edi. Markazda ayni paytda aholiga bir vaqtning o‘zida 150 ga yaqin tezkor, qulay, shaffof davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda. Elektron navbat olish uchun infokiosk, 26 ta qabul oynasi, kutish joylari, mo‘’jaz kutubxona, bolalar maydonchasi, bufet, investorlar uchun alohida xona, bank shoxobchasi tashkil etilgan. Elektron navbat 8 ta monitorda ko‘rinib turadi. O‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish uchun maxsus burchaklar tashkil etilgan. Markazda imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun ham qulay shart-sharoit yaratilgan.

[gallery-5505]

– Markazimiz orqali aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga 2021 yilda jami 77 ming 536 ta davlat xizmatlari ko‘rsatildi, - deydi Qibray tumani DXM direktori Jasur Jumaniyozov. – Shundan 66 ming 927 tasi bevosita markazga kelgan holda amalga oshirilgan. Yil davomida ko‘rsatilgan davlat xizmatlarining ko‘p qismini kadastr pasportini shakllantirish, bolalarni davlat maktabgacha ta’lim muassasasiga joylashtirish, jismoniy va yuridik shaxslar uchun elektron raqamli imzo olishga oid masalalar tashkil etdi.

Ta’kidlash kerak, davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimining takomillashayotgani aholining hayot sifati, ishchanlik muhitini yaxshilash, biznesni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

– Markazga yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatini boshlashda zarur ko‘mak so‘rab, murojaat qildim, - deydi “Baytqo‘rg‘on” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi To‘lqin Tojiboyev.  – Rosti, ishim bu qadar tez bitadi, deb o‘ylamagandim. Avvallari hujjatlarni rasmiylashtirishning o‘zi bir muammo edi-da.  Joriy yilning 1 yanvaridan ayrim davlat xizmatlarini ko‘rsatishda undiriladigan davlat bojlari, yig‘imlar va boshqa to‘lovlar miqdorining kamaytirilganligi esa biz, fuqarolarni yanada mamnun etdi. 

Bugun davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimida ham “Inson qadri uchun”, degan tamoyilning asos qilib olinganligi aholiga sifatli davlat xizmatlari ko‘rsatilishini ta’minlashga, xizmatlar soni va sifati ortishiga xizmat qilmoqda.
 

Kamola Yusupova,
Oqil G‘ulomov (surat) O‘zA