Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qazib oluvchi tarmoqlarda shaffoflikni ta’minlash borasidagi ishlar ko‘rib chiqildi
20:23 / 2025-08-01

O‘zbekistonda tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini rivojlantirish, sohada shaffoflikni ta’minlash hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda. Bu jarayonda xalqaro tashkilotlar va ekspertlar bilan ochiq muloqot va fikr almashish muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu maqsadda, Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri Bobir Islomov va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Suma Chakrabarti rahbarligidagi delegatsiya o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuv chog‘ida mehmonlarga sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, investitsiya muhitini yaxshilash, geologiya-qidiruv ishlarini faollashtirish, davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish hamda xalqaro standartlarni joriy etish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Jumladan, “Qazib oluvchi tarmoqlarda oshkoralik tashabbusi” (EITI) doirasida olib borilayotgan ishlar, O‘zbekistonning mazkur tashabbus doirasidagi ishtiroki, hisobdorlik va ochiqlikni ta’minlashga qaratilgan rejalar atroflicha muhokama qilindi.

Tadbir davomida vazirlik va delegatsiya a’zolari geologiya va qazib olish sohalarida shaffoflikni kuchaytirish, xalqaro standartlarga muvofiq faoliyat yuritish, sohani raqamlashtirish va modernizatsiya qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan fikr almashdi.

Ta’kidlash joiz, bunday uchrashuvlar xalqaro tajriba bilan tanishish, amaliy hamkorlikni mustahkamlash va milliy islohotlarni yanada chuqurlashtirishda muhim ahamiyatga ega. Sohadagi ochiqlik va samarali boshqaruv tamoyillarini hayotga tatbiq etish borasidagi ishlar kelgusida ham izchil davom ettiriladi.

N.Ziyodullayeva, O‘zA