English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qayum Haqqulov: Orzuim – O‘zbekistonning energiya mustaqilligi (+video)
21:30 / 2021-08-16

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining sobiq o‘rinbosari Qayum Haqqulov bilan suhbat.

– O‘zbekiston Mustaqilligining 30 yilligi arafasida biz mustaqillikning dastlabki yillari qahramonlari bilan sizni uchrashtirmoqchi va suhbatga oshno qilmoqchi bo‘ldik. bugungi suhbatdoshimiz 90 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Qayum Jalilovich Haqqulovdir.

1992 yil mart, aprel oylari sizning tarjimayi holingizda alohida o‘rin tutsa kerak. Aslida butun O‘zbekiston uchun tarixiy kunlar edi. Biz jurnalistlar ochilgan neft favvorasidan «O‘zbekiston endi ikkinchi Quvayt bo‘ladi» deb yozgan payt ham bo‘lgan. Aytingchi, aslida o‘sha 1992 yil bahorida Mingbuloqda qanday voqea ro‘y bergandi?

– Kechqurun soat to‘qqizlarda Namangandan xabar keldiki, Mingbuloq konimizda neft fontani bo‘ldi. Bu biz uchun tasodifiy voqea edi. Biz u yerda neft qatlami borligini bilar edigu, lekin bunaqa bosimdagi neft koni bo‘ladi deb o‘ylamagandik. Chunki u ming atmosfera bosimda otilib chiqib minora atrofini juda qisqa vaqt ichida qopladi. Eng xavfli tomoni – Sirdaryo neft otilayotgan nuqtadan bor-yo‘g‘i 70-80 metr oralig‘ida edi. Sirdaryodan O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston xalqi suv olardi. Unga neft tushishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim edi. Ammo 2-3 kundan so‘ng neft qudug‘i yoniga borolmay qoldik, u katta ko‘lga aylandi. Bir kecha kunduzda 21 ming tonna neft otilib chiqayotgan edida quduqdan. Geologlar bilan atroflicha o‘rgandik, maslahatlashdik. Biz kichkina linzaga tushib qoldik. U juda katta bosimli linza edi. Atrofdagi paxta dalalari, bo‘sh yotgan kanal neftga to‘lib ketdi. U yerdan neftni olib chiqish uchun transport yurishi mushkul edi. Uni bir amallab Farg‘ona neft zavodiga yubora boshladik. Mingga yaqin mashinalar neft tashidi. Shunda ham kuniga 15-18 tonna neft olib chiqar edik xolos. Shunda biz boshqa respublikalarga ham bera boshladik. Tojikiston, Qirg‘izistondan kelib neftimizni tashib keta boshlashdi.

Fontan 2 mart kuni chiqqan bo‘lsa, keyin Prezident ham keldilar. Ular neft Sirdaryoga tushmasligining barcha chorasini ko‘rishni qattiq vazifa qilib qo‘ydi. Shunda Ozarbayjondan suvga tushgan neftni ushlab qoladigan mutaxassislar kelib ish boshladi. Mingbuloqqa barcha vazirlar yetib keldi. 4 soatga yaqin muhokama bo‘ldi. Men to‘liq axborot berdim. Vazifa qanday qilib bo‘lsada fontanni yopish edi. Bu O‘zbekiston tarixidagi birinchi neft fontani bo‘lgani uchun bu sohada tajribamiz yetarli bo‘lmagan. Ilgari gaz va gazli kondensatlar fontani bo‘lib turardi. Qariyb mingga yaqin mutaxassis jalb qildik. Ikkinchi bor yana Prezident keldi. Lekin fontanni yopa olmagandik. Hammayoq neft, kamaymayapti. Shunda nima qilish mumkin, degan savol bo‘ldi. Aytdimki, neft minorasini yiqitish kerak. Chunki bu neft bilan chiqayotgan parlar – bu benzin parlari. Minorani yiqitsak yonib ketadi. Minorani yiqitmasdan fontanni yopish tajribasi dunyo miqyosida yo‘q. Biz Minorani yiqitib keyin maxsus uskunalarni fontan trubalari og‘ziga kiydiramiz. Shundagina fontanni jilovlab olish mumkin edi. Rossiyadan «Gazprom»dan Nikitin boshchiligida, keyin «Nefteprom»dan mutaxassislar keldi. Bir oz o‘tib Amerikadan kelishdi, 7-8 kishi. Ular fontan otilayotgan trubaga yer ostidan tunel qilib borish kerak deyishdi. Dunyoda bunday tajriba yo‘q edi. Tunel chuqurligi 20 metr bo‘lishi kerak, deyishdi. Buni kavlab bo‘lmadi. Keyin biz o‘z fikrimizda qoldik. Minorani yiqitishga qaror qildik. Minora ag‘darildi va kutganimizdek fontan yonib ketdi. Qizig‘i shundaki, atrof to‘la neft, lekin havzalar 250 metr naridan yona boshladi. Minora atrofida o‘ntacha traktorchi, buldozerchi ishlayotgan edi. Men o‘zim neft ichidan borib ularni qutqarib qoldim.

Prezident menga telefon qilib nega yonib ketdi, deb so‘radilar. Men aytdim, sababi neft tarkibida parafin ko‘p. U havoga chiqqach toshga aylanadi, otilib olovga o‘xshab qiziydi va 200 metr naridagi havzaga tushadi. Shunda havzalardagi neft yonib ketdi, dedim.

Biz olov fontani atrofidagi texnikalarni, uskunalarni olib chiqdik. Bittagina fontan trubasi qoldi. Mudofaa vazirligidan tank chaqirdik. U fontan og‘zidagi yongan «priventor»larni otib uzib tushirishi kerak. Shunda alanga faqat bitta trubada qoladi. Olov esa trubadan 8-10 metr tepada bo‘ladi. Pastda harorat past bo‘ladi. KP-25 kran orqali priventor-qopqoqni olib borib olov chiqayotgan trubaga kiydirish rejasini tuzdik. Ilgari ham gaz fontanida shunday qilgandik, bu voqea «Umid» konida bo‘lgandi. Gaz fontanida yongan «priventor»ni tankda otib olib tashlab yangi «priventor» kiydirganmiz. Men o‘shanda «Uzbekneft»ning rahbari edim. O‘n kishi bu ishni bajarganmiz. O‘shanda birinchi safar «priventor» qizib ketib portladi. Biz hushimizdan ketib qoldik. Lekin keyin vazifani bajardik.

Mingbuloqda ham «priventor» kiydirishga hamma narsa taxt edi. Ertaga bu ishga kirishamiz deganimizda yer ostidagi jismlar ko‘chib neft chiqayotgan quvurni qisib qo‘ydi va neft to‘xtab qoldi. Endi yonidan yana bir quduq kavlab tushish zarur edi neftni olish uchun. Shunday qilib, 2 mart kuni fontan otilib chiqdi, 2 aprel kuni yondi, 2 may kuni o‘chib qoldi. Shu sababdan Mingbuloq qudug‘iga 222 nomi berilgan.

Mingbuloqda neft bor. Lekin katta zaxira yo‘q. Zaxira 80-100 mln. tonna aniqlansa uning 10 mln. tonnasi olinadi. Endi 10 mln. tonnani olish uchun 7, 8, 9 kilometr chuqurga tushish kerak. Bu juda qimmat. Bunga sarflangan xarajat o‘zini oqlamaydi. Shuning uchun Mingbuloqda qayta kovlash ishlari davom ettirilmadi. Chunki bitta quduqning o‘ziga 50-60 mln. dollar ketadi.

– Qayum Jalilovich, Mingbuloq nefti chiqqanida ba’zilar uning tarkibida oltingugurt miqdori ko‘p, bari bir undan foydalanib bo‘lmaydi, deb aytishardi. Shu to‘g‘rimidi?

– Yo‘q, bu noto‘g‘ri. Har qanday kondan chiqayotgan neft tarkibida parafin ham, oltingugurt ham bo‘ladi. Lekin uni neft tarkibidan tozalaydigan uskunalar bor. Bizdagi ayrim konlarda neft yoki gazni olganda ostida suv chiqib ketadi. Shunda ham gaz yoki neftni suvdan ajratib olish texnologiyasi qo‘llanyaptiku. Bu mutaxassislarning tajribasi oshganidan dalolat.

Mana hozir yangi 25-30 mlrd. kubo metrli konlar topilyapti. Bir million tonna neft olsak, albatta 2-3 mln. tonna zaxirada qolishi kerak. Gazni 1 mlrd. olsak, 3 mlrd. zaxiraga qo‘yish kerak.

– 2 may kuni kechasi yonayotgan neft favvorasi to‘satdan o‘chib qoldi. Siz vagonda muammolarni muhokama qilayotgandingiz. Men ham muxbir sifatida bir chekkada o‘tirgandim. Adashmasam soat 12 larda bir xabarchi kirib aytdi, bu haqida. O‘shanda hamma vagondan chiqib yugurib ketdi. Siz eng oldinda edingiz. O‘chgan favvora yoniga borib, o‘rganib yana qaytib kelindi.

– Soat o‘n ikki yarimda xabar kelgach, borib quduqni atrofida o‘rgandik. Men, o‘rinbosarlarim Akbar Komilovich, yana biri Normatov, boshqa mutaxassislar, jami 50-60 kishi muhokama qildik voqeani. Bosh vazir Abduhoshim Mutalov ham bor edilar. Oxir bir taxminga keldik.

Yomon xabar ham, yaxshi xabar ham o‘sha zahotiyoq kattaga yetkazilishi kerak. Men Bosh vazirga aytdim, Abduhoshim aka, kattaga siz ayting, dedim. Ular, yo‘q, buni siz aytasiz, dedilar.

Muallifdan:

Haqqulov dala-harbiy shtabi telefoni go‘shagini ko‘tardi.

– Ya Haqqulov, soyedenite s pervыm.

Narigi tomondan ovoz keldi:

– On otdixayet.

Haqqulov qat’iy ohangda takrorladi.

– Vseravno soyedenite.

Bir lahza o‘ylab olgach navbatchi bosiq ovozda:

– On ne odin, – dedi.

– Eto vajno. Razbudite i soyedenite!

Haqqulov muhokamaga o‘rin qoldirmagandi.

Oradan bir-ikki daqiqa o‘tgach Prezidentning tashvishli ovozi eshitildi:

– Qayum tinchlikmi?

– Islom Abdug‘aniyevich, neft fontani to‘satdan o‘chib qoldi.

Bir lahza sukutdan so‘ng qisqa-qisqa gudok eshitildi. Prezident bir so‘z demay go‘shakni qo‘ygan edi.

Vagon sigaret tutuniga to‘lgan, hech kim churq etmas, hamma telefonga tikilgandi.

Nihoyat, chamasi besh daqiqadan so‘ng sukunatni telefon jarangi buzdi.

– Qayum, neft bormi o‘zi?! – Prezidentning savolidan Haqqulov o‘rnidan turib ketdi.

– Qariyb yarim soat axborot berdim. Nima ishlar qilinishi kerakligini aytdim. Soat tonggi beshga yaqin edi. Ertasiga prezident o‘zi uchib keldi va ahvol bilan joyida tanishdi, neftchilarga rahmat aytdi.

Amerikaliklar hech qanday amaliy yordam bermagan o‘shanda. Ularning yutug‘i shundaki, ularda kerakli bosimda ishlaydigan asbob uskunalar ko‘p. Bizda 750, 1000 atmosferaga mo‘ljallangan uskunalar yo‘q edi. Biz zimmamizga olib, 500 atmosferali «priventor», «golovka»larni ham yuqori bosimli konlarda ishlatar edik...

Hozir Shavkat Mirziyoyev neftchilarga katta yordam beryapti. Oldin bu narsalar bo‘lmasdi. Hozirgi Prezident yordami bilan katta konlar ochilyapti. Yaqinda men o‘qidim, 25-30 mlrd. kubometr zaxirasi bo‘lgan gaz konlari ochildi. Neft zaxirasi katta konlar ochilyapti. Xudo xohlasa, mamlakatimizda bu soha rivojlanadi. Neft ham, gaz ham bor O‘zbekistonda. bugungi siyosat bilan biz katta natijalarga erishamiz.

– Siz O‘zbekistonda neft, gaz zaxiralari ko‘p, konlar ochilyapti dedingiz. Shu yerlarda ishlaydigan mutaxassislar, ayniqsa yosh mutaxassislar yetarli deb o‘ylaysizmi?

– Yetarli. O‘zimizning mutaxassislar ham bor. Chet el kompaniyalari ham bor. ERIELL kompaniyasi yaxshi ishlayapti. U ko‘p gaz va neft konlari ochyapti. Raqobat bo‘lishi kerak, o‘zimizning mutaxassislar va chet el kompaniyalari o‘rtasida.

Ma’lum konlarni biznikilar, ma’lum konlarni ERIELL mutaxassislari ochdi. Mutaxassislar yetarli.

– Siz birinchi Prezident bilan uzoq yillar yaqindan ishlagansiz. Munosabatlaringiz qanday kechgan? Maslahat va takliflaringizga quloq tutarmidi?

– U kishi o‘ta talabchan bo‘lgan.

Hozirgi prezidentimiz hamma sohani mukammal biladi. U kishi ham shunday, bizning sohani mukammal bilardi. Chaqirganda hammani tinglardi. 92 yilda, Mingbuloq voqeasidan keyin chaqirib bir tadbir tuzinglar, unga ko‘ra tez vaqt ichida neft mustaqilligiga erishaylik degan vazifa qo‘ydi. Bir oyda barcha olim, mutaxassislarni yig‘ib maslahatlashdik. O‘sha 1992 yilda 2-2,5 mln. tonna neft va gaz kondensati 40-42 mlrd. gaz ishlab chiqargan bo‘lsak, 1998 yilga kelib 8-8.5 mln. tonna neft va gaz kondensati bilan, 55-56 mlrd. gaz ishlab chiqarish dasturini tuzdik. Prezident 4 soatli muhokamada qatnashdi va ma’qulladi. Yig‘ilishdan so‘ng meni qoldirib, Qayum shuni qilsa bo‘ladimi, dedilar. Hammamiz harakat qilamiz dedim. 1994 yilga kelib 4,5 mln. tonna neft, gaz kondensati bilan ishlab chiqdik. Gaz 48-49 mlrd. kubometrga yetdi. O‘shanda Ko‘kdumaloq, Alay, Zevar konlari bor edi. Katta zahirali konlarni ishlatdik.

Mana hozir yana ochilyapti, yana ko‘payyapti. Bu yil neft 3-4 mln.tonnaga, gaz 55-56 mlrd. kubometrga boradi deyishyapti. Sultonov bir chiqishida shu raqamlarni bu yil ta’minlaymiz, dedi. Bunda hurmatli Prezidentimizning juda ham mehnati katta. Men buni ko‘rib turibman. Bizning davrda bunaqangi e’tibor berilmasdi.

– Siz juda og‘ir kasallikni boshdan kechirdingiz. Matonat, iroda tufayli uni yengib o‘tdingiz. Siz hukumatdan ketgach hayotingiz qanday kechdi?

– Hukumatdan ketgach hayotim og‘ir kechdi. Chunki e’tibor kam bo‘ldi. Og‘ir kasalga uchradim. Oyoqlarim shishib ketdi. Bir yarim yil yurolmay to‘shakda yotdim. Ba’zi vrachlar umri oz qoldi, deyishdi, hatto. Yomoni shu bo‘ldiki, tomir kasali qonga o‘tib ketdi. Oxiri Rossiyaga bordim. Akademik Vorobyov meni oyoqqa turg‘azdi. Bu kasaldan tirik qolgan odam kam.

Hozir Prezidentimiz meni surishtirib anjumanlarga chaqirib turadi. Yaqinda 9 mayda "neftgaz"dagilar chaqirib bir piyola choy, mukofot berdi. Gap mukofotda emas. Gap rahbarning e’tiborida. Bu hayotimga hayot, zavqimga zavq qo‘shyapti. Prezident nafaqat o‘zi, atrofdagilarni ham ishlatyapti. Mana qarang, qachon, qaysi Prezident mahallama-mahalla yurgan. Biz ham ishlaganmiz. Hech qachon bunday bo‘lmagan. Nima, Prezidentning boshqa qiladigan ishi yo‘qmi? U xalqqa e’tibor, g‘amxo‘rlik ko‘rsatib shunday qilyapti. Mana, pandemiyani oling. Birorta mamlakatda pandemiya bo‘yicha O‘zbekistonchalik ish olib borilgani yo‘q. Mana men ham o‘zim bepul vaksina oldim.

– Internet foydalanuvchilariga tilak va istaklaringiz.

– Internetdan o‘zim ham foydalanaman. Ba’zan unda men yaqindan biladigan odamlar haqida noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqatilyapti. To‘g‘ri, xolis axborot bo‘lsa deyman, internetda ham, ijtimoiy tarmoqda ham. Shunga erishish kerak deb o‘ylayman.

Muhammadjon Obidov suhbatlashdi, O‘zA